O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida barqaror iste’mol qilish va ishlab chiqarishni yanada rag‘batlantirish” mavzusida seminar

2020-03-04 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 3-mart kuni Toshkent shahridagi Windham mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Yevropa Ittifoqining Switch-Asia dasturi hamkorligida O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan barqaror iste’mol qilish va ishlab chiqarish yo‘nalishida ustuvor yo‘nalishlarni aniqlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida quyidagi ikki masalaga alohida e’tibor qaratildi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-sonli qarori bilan tasdiqlangan «2019-2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish Strategiyasining mazmun-mohiyati yoritib berish, bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kelgusida rejalashtirilgan ishlarga tuxtalib o‘tildi. Jumladan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi vakili taqdimoti davomida Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha 2020-yil uchun rejalashtirilgan harakatlar rejasi va undagi asosiy tadbirlar haqida to‘liq ma’lumot berib o‘tdi.

Yevropa Ittifoqining Switch-Asia dasturi Janubiy Osiyoning 19 davlatini qamrab olgan bo‘lib, 2019-yildan boshlab o‘z faoliyatini Markaziy Osiyoning beshta davlatida ham yuritishni boshladi. Dasturning asosiy faoliyati ishlab chiqarishdagi energiya samaradorligini oshirishga qaratilganligi yuqoridagi Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan birining amalga oshishiga xizmat qiladi. Dastur ekspertining taqdimotiga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbeksiton uchun uchta ustuvor quyidagi yo‘nalishlar tanlab olingan:

- barqaror iste’mol qilish va ishlab chiqarish yo‘nalishini tartibga soluvchi meyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;

- mahsulotlar va xizmatlarni ekologik markirovkalash;

- binolarni energetik sertifikatlash.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnik salohiyatga ega bo‘lib, uning 97 foizi quyosh energiyasining ulushiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4422-son qarori bilan mavjud salohiyatlardan samarali foydalanish maqsadida 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish vazifasi belgilandi. Buning uchun, 10 yil mobaynida jami 5000 MVt quvvatdagi quyosh elektr stansiyalarini qurish ko‘zda tutilgan.

O‘tkazilgan tahlillar iqlimning o‘zgarishi sharoitida samarali, resurs tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlashda o‘zaro bog‘liq muammolar va ehtiyojlar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining ortishi iqtisodiyotning resurslarga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirmoqda, shuningdek, atrof muhitga salbiy antropogen ta’sirni kuchaytirmoqda hamda issiqxona gazlari ajratmalarining ortishiga olib kelmoqda.

Shu o‘rinda Strategiya bilan tasdiqlangan va iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslari iste’molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrashga qaratilgan quyidagi 10 ta maqsadli parametrlarning tasdiqlanishini yuqoridagi muammoli vaziyatlarni yumshatishga xizmat qiladi:

issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 10 foizga qisqartirish;

ikki karra energiya samaradorligi ko‘rsatkichini oshirish va yalpi ichki mahsulot uglerod sarfi hajmini kamaytirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;

100 foizgacha aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy, arzon va ishonchli energiyadan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash;

sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash, energiya samaradorligini 20 foizdan kam bo‘lmagan miqdorga oshirish hamda sof va ekologik xavfsiz texnologiyalar va sanoat jarayonlaridan yanada keng foydalanish hisobiga ularning barqarorligini ta’minlash;

energiya samaradorlik va ekologik jihatdan yaxshilangan tavsiflarga ega motor yoqilg‘isi va avtotransport vositalari ishlab chiqarishni hamda ulardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, elektr transportini rivojlantirish;

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish va ularda yetishtiriladigan ekinlar hosildorligini 20-40 foizgacha oshirish;

yerlarning tanazzulga uchrashi bo‘yicha neytral balansga erishish;

asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘rtacha hosildorligini 20-25 foizgacha oshirishga erishishdir.

Seminar davomida ishtirokchilarga «yashil» iqtisodiyot sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni va xalqaro moliya institutlari kreditlari va grantlarini jalb qilish mavzusi batafsil yoritib berildi.

Tadbir so‘ngida ta’kidlanganidek, Strategiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi iqtisodiyotning energiya samaradorligini orttirish borasida boshqaruvni yaxshilashga, tabiiy resurslarni saqlash va ulardan oqilona foydalanishga, issiqxona gazlarining ajratmalarini kamaytirishga, «yashil» energiyadan foydalanishni ta’minlashga, «yashil» ish o‘rinlari yaratishga va iqlim barqarorligiga erishishga xizmat qiladi.

Поделиться