O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya kompaniyalari Toshkent bilan perinatal sohani rivojlantirishda hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda
2020-03-03 | Sog‘liqni saqlash
Toshkent shahar hokimligida Rossiyaning “NEO sentr”, “TRIMM” DK, “GMK Kil” MChJ va “MaksProyekt” AJ kompaniyalari konsortsiumi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov hamda Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining mutasaddilari ham ishtirok etdilar.
O‘zaro muloqot davomida neonatalogiya, tug‘uruqqa ko‘maklashish va reanimatsiyasi sohasida barqaror rivojlanishni ta’minlovchi yuqori texnologik tug‘uruqxonalar va perinatal markazlarni qurish va jihozlash masalasi muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sharof Rahmonov mehmonlarga poytaxt hokimligi bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishlari uchun minnatdorlik bildirdi. Onalik va bolalik muhofazasining ijtimoiy ahamiyatiga urg‘u berib, ushbu yo‘nalish hokimlik uchun ham, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi uchun ham juda dolzarb ekanligini ta’kidladi.
«NEO Sentr» kompaniyasining vakili Aleksey Volostnov samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, kompaniyalar konsortsiumi kompleks xizmatlar ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Xususan, perinatal infratuzilmaning auditi natijalariga ko‘ra, Toshkent uchun maxsus perinatal dasturni ishlab chiqish hamda ushbu dasturni amalga oshirish taklifi bilan chiqdi. Bundan tashqari, Volostnov konsortsiumning shifokorlar hamda yangi infratuzilmaning boshqaruv bo‘g‘ini uchun o‘quv dasturlarini tashkil qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Ta’kidlash joiz, mazkur dastur mavjud tug‘uruqxona va perinatal markazlarni rekonstruktsiya qilish va yangilarini qurishni, shuningdek, ularni ilg‘or texnologiya va uskunalar bilan to‘liq jihozlashni to‘liq qamrab olishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida Sh.Rahmonov ikkala tomon vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil qilishni hamda poytaxtimiz perinatal infratuzilmasi kontseptsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi.