O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Onlayn-NKM: savollar va javoblar
2020-03-03 | Texnologiyalar
Davlat soliq qo‘mitasining davlat soliq bosh inspektori Salim Norbekov onlayn-nazoart kassa va virtual kassa mashinalarini o‘rnatish, shuningdek, imtiyozlarni qo‘llash bilan bog‘liq dolzarb savollarga javob beradi.
Onlayn-NKM joriy etishda soliq imtiyozlaridan qanday foydalanish kerak?
Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan onlayn NKM (virtual kassa bundan mustasno) xarid qilingandan keyin, soliq hisobotini elektron tarzda taqdim etishda imtiyozlar bo‘limida “PF-5813-son Farmon 06.09.2019 y. Onlayn NKM xarid qilinganligi” tanlanadi va xarajatlarni tasdiqlovchi hujjat biriktirgan holda yuboriladi.
Onlayn-NKM o‘rnatish xarajatlari deganda nima nazarda tutiladi va bu xarajatlarni qanday tasdiqlash kerak?
Onlayn-NKM o‘rnatish xarajatlari deganda Onlayn-NKMni o‘rnatish uchun texnik xizmat ko‘rsatish markaziga to‘langan summa tushuniladi, bunday xarajatlarni to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tasdiqlash lozim.
Onlayn NKMga texnik xizmat ko‘rsatish uchun shartnoma tuzilganligi, bunday xarajat amalga oshirilgan degani emas, shuning uchun texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 2021-yil 1-yanvargacha amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lganda, xarajatlar tarkibiga kiritish mumkin.
NKMni oflayn rejimidan onlaynga qayta konfiguratsiya qilish ham onlayn-NKMni sotib olish va o‘rnatish xarajatiga kiradimi? Bu xarajatlar ham qoplanadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5813-son Farmoniga asosan onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi (2020-yildan aylanmadan soliq) yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021-yil 1-yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.
Bunda, savolning birinchi qismida nazarda tutilgan onlayn NKMni o‘rnatish, ishga tushirish xarajatlari ham inobatga olinadi.
Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasi sifatida ro‘yxatga olingan NKMni onlayn-NKM sifatida qayta sozlash uchun amalga oshirilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan to‘lovlar soliqlar kamaytiriladigan summaga qo‘shiladi.
Vazirlar Mahkamasining “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2012-yil 28-avgustdagi 253-son qaroriga asosan aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan qo‘llaniladigan nazorat-kassa mashinalari, virtual kassalar yagona texnik talablarga muvofiq bo‘lishi kerak va belgilangan tartibda majburiy sertifikatsiyalanishi zarur.
Sertifikatga ega bo‘lmagan yoki belgilangan yagona texnik talablarga javob bermaydigan nazorat-kassa mashinalaridan yoki virtual kassalardan foydalangan holda chek berish aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qaroriga muvofiq, onlayn NKMlarni Davlat reyestriga kiritishda ariza beruvchilar qurilmaning muvoiqlik sertifikatini vakolatli organ-Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etishlari belgilangan.
Avval oflayn rejimda ishlatilgan NKM uchun sertifikat olingan bo‘lsa u onlayn rejimga sozlanganda qayta sertifikatlash talab etilmaydi.
2019-yilda sotib olingan onlayn-NKM uchun 2020-yilda periferik uskunalar sotib olinsa, soliq imtiyozida bu xarajatlar ham inobatga olinadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5813-son Farmoni rasmiy e’lon qilingan sanadan 2021-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda onlayn-NKMni xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi (2020-yildan aylanmadan soliq) yoxud qat’iy belgilangan soliq summasidan, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytiriladi.
Bundan kelib chiqib, 2019-yilda xarid qilingan onlayn-NKM va uni o‘rnatish, ishga tushirish bilan bog‘liq qo‘shimcha qurilmalar xarajatlari ham soliq summasidan kamaytiriladi.
Agar soliq sifatida to‘lanadigan summa onlayn-NKMni o‘rnatish xarajatlarining miqdoridan kam bo‘lsa, qoldiq boshqa soliq davriga o‘tkazilishi mumkinmi?
Tadbirkorlik sub'yekti tomonidan ma’lum bir davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan tegishlicha foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi (2020-yildan aylanmadan soliq) yoxud qat’iy belgilangan soliq summasi 2021-yil 1-yanvargacha soliq organlarida ro‘yxatga qo‘yilgan onlayn-NKMni xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq hujjatlar summasidan kam bo‘lgan taqdirda, keyingi davr uchun hisoblanishi va to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasidan chegirib tashlanadi.