O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
2020-03-02 | Siyosat
Bugun, 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Tashqi ishlar boʻyicha komissiya devonxonasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoyni doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yaqindan bogʻlab turganini qayd etdi.
Mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini berdi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda. Xitoyning ilgʻor kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida Oʻzbekistonda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Yuqori martabali mehmon Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning Oʻzbekiston Prezidenti nomiga yoʻllangan shaxsiy maktubini topshirdi. Ushbu maktubda keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan hamda yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda koʻrsatilayotgan koʻmak uchun minnatdorlik bildirilgan.
Uchrashuvda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Xitoy sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda energetika, neft-gaz, kimyo, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha ustuvor loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT va boshqa tuzilmalar doirasidagi konstruktiv muloqotni mustahkamlash, shuningdek, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini ilgari surish doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O'zA