O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bahorning birinchi ish kunida Sergeli tumanida har biri 1680 oʻringa moʻljallangan yangi ikkita maktab ochildi

2020-03-02 | Ta’lim

Bahorning birinchi ish kunida Toshkent shahrining Sergeli tumanida har biri 1680 oʻringa moʻljallangan yangi 329- va 330-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Zamonaviy maktablarning ochilishi marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov va Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizning Sergeli tumanida koʻp qavatli uy-joylar qurilib, yangi mavzelar aholiga topshirilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida mazkur mavzelarda ijtimoiy obyektlar ham tashkil etilmoqda.

Jumladan, 2019-yilda Sergeli tumanida toʻrtta yangi maktabning qurilish ishlari boshlangan edi. Hozirda ularning ikkitasi, yaʼni 329- va 330-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarni qabul qilishga shay.

Taʼkidlash lozimki, har bir maktab 1680 oʻquvchiga moʻljallangan boʻlib, bu soʻnggi yillarda qurilgan eng katta quvvatga ega maktablar hisoblanadi. Maktablarni qurish jarayonida 2019-yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanildi.

Toʻrt qavatli maktablarning har birida 48 ta oʻquv xonalari mavjud boʻlib, ularning 20 tasi fan xonasi, 14 tasi boshlangʻich sinf xonasi va 14 ta xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan oʻquv xonalaridir.

Bundan tashqari, maktablarda 15 ta maʼmuriyat xonasi, 1 ta chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik xonasi, 4 ta axborot texnologiyalari xonasi, 4 ta toʻgarak xonasi, 3 ta kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, 2 ta oʻgʻil va qiz bolalar texnologiya xonasi, 1 ta musiqa xonasi, 1 ta kutubxona faoliyat yuritadi.

Oʻquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida 1 ta 40 oʻringa moʻljallangan elektron kutubxona, 1 tadan tibbiyot hamda tish shifokori xonasi, 1 ta 140 oʻrinli faollar zali, 1 ta 200 oʻrinli oshxona, 2 ta sport zali, futbol, basketbol, voleybol maydonlari ham tashkil etilgan.

Mazkur maktablarda taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida Toshkentdagi eng talab yuqori boʻlgan maktab direktorlari orasida tanlov oʻtkazilib, nomzodlar Kuzatuv kengashlari tomonidan tanlab olindi hamda oʻqituvchilar test sinovlari asosida ishga qabul qilindi. Joriy yilning 26-27-fevral kunlari A.Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etilgan 550 nafardan ziyod talabgor — umumtaʼlim fani oʻqituvchilari mutaxassislik fanlari, AKT va fanni oʻqitish metodikasi boʻyicha onlayn test sinovlarida ishtirok etdi. Test sinovlari natijasiga koʻra eng koʻp ball toʻplagan oʻqituvchilar ishga qabul qilindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Sergeli tumanida yangi tashkil etilayotgan mazkur maktablarda 292 nafar oʻqituvchilar uchun yangi ish oʻrinlari yaratilib, yosh, bilimli va tashabbuskor pedagoglar ish bilan taʼminlanadi.

Hozirgi kunda yangi tashkil etilgan maktablarning maʼmuriyati mavzeda yashovchi aholidan farzandlarini maktabga qabul qilish boʻyicha arizalarni qabul qilishda davom etmoqda.

- Prezidentimiz tashabbuslari bilan xalq taʼlimi tizimini rivojlantirishga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda “Zamonaviy maktablar”ni tashkil qilish boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi. Bugun ochilgan maktablar yurtimizda “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etishdagi ilk qadamdir. Bunday maktablar bosqichma-bosqich mamlakatimizning barcha viloyatlarida tashkil etiladi”, - dedi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.

- Mazkur maktablarda yaratilgan sharoitlar uchun Prezidentimizga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bunday sharoitlarda puxta bilim olib, kelajakda yaxshi inson boʻlishga intilishimiz lozim. Bu kabi zamonaviy kompyuter xonalari va oʻquv laboratoriyalarida taʼlim olishni sharaf deb bilaman, — deydi 8-sinf oʻquvchisi Ibrohim Hamidullayev.

- Yangi maktabda sharoitlar juda ham yaxshi. Mehnat xonasi zamonaviy tikuv mashinalari, pazandachilik uchun turli buyumlar bilan jihozlangan. Barcha xonalar juda shinam. Prezidentimizga bunday maktab uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, yaxshi oʻqib, yetuk mutaxassis boʻlib yetishib chiqishga vaʼda beraman, — dedi 8-sinf oʻquvchisi Mohira Rahmonova.

Hozirgi kunda mazkur maktabda taʼlim davlat tilida olib boriladi. Kelajakda malakali va bilimli oʻqituvchilar jamoasi shakllantirilsa, boshqa tillarda ham taʼlim tashkil etilishi mumkin.

Поделиться