O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQShning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili bilan uchrashuv
2020-03-02 | Siyosat
2020-yilning 28-fevral kuni Qatar poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya va AQShning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Zalmay Xalilzod o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, ushbu mamlakatda tinchlik siyosiy jarayonini tezroq boshlash bo‘yicha tomonlarning sa’y-harakatlari muhokama qilindi.
Zalmay Xalilzod O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Afg‘onistonga nisbatan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuv tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi siyosatni amalga oshirayotganini qayd etdi. Buni afg‘on xalqi ham, dunyoning boshqa mamlakatlari, jumladan AQSh ham e’tirof etadi.
Yaqinda AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeoning O‘zbekistonga tashrifi O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini yanada rivojlantirishga yangi kuchli turtki bergani va afg‘on yo‘nalishidagi ikki tomonlama hamkorlikning asosiy istiqbollari va yo‘nalishlarini belgilab bergani alohida ta’kidlandi.
AQSh tomoni Afg‘onistonda milliy iqtisodiyotni tiklashga qaratilgan turli loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishni muhim deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan Zalmay Xalilzod O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi, ayniqsa ularning yaxlitligi, amaliyligi va uzoq muddatli natijalarga yo‘naltirilganini ta’kidladi.