O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Orolda birgalikda bogʻ yaratamiz!
2020-02-28 | Ekologiya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan “Oroldagi bogʻim“ — “My garden in the Aral Sea” agro va ekoturizm innovatsion loyihasi boʻyicha www.aralforest.org sayti ishga tushirildi.
“Oroldagi bogʻim“ loyihasining asosiy maqsadi Oʻzbekiston uchun noyob boʻlgan aholi tomonidan koʻkalamzorlashtirish loyihasini ishga tushirish boʻlib, butun dunyo vakillari va mahalliy aholining Orol dengizining qurishi oqibatlarini yengib oʻtishda bevosita ishtirok etish hissini uygʻotish, shu orqali Orolboʻyi aholisi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Bunda daraxtlarni ekish uchun mablagʻ yigʻiladigan kraudfanding (aholi moliyalashtiruvi) platformasi ishga tushiriladi.
Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan 2020-yilda loyiha doirasida 100 ming tup daraxt ekish moʻljallanmoqda. Daraxtlarni ekishda suvni tejaydigan texnologiyalar qoʻllaniladi.
Agar siz mazkur jarayonda qatnashishni istasangiz-u, ammo Orolboʻyiga borishga imkoningiz boʻlmasa, mazkur loyihada ishtirok etib, qurigan Orol dengizi tubini bogʻ, daraxtzorga aylantirish imkonini qoʻldan boy bermang!
Choʻl oʻsimligining har 1 koʻchatini ekishga 1 dollar (10 ming soʻm) sarf qilinadi, manzarali daraxtlarning har 1 koʻchatini ekish uchun esa 5 dollardan 20 dollargacha (50 ming soʻmdan 200 ming soʻmgacha) xarajat qilinishi mumkin.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi Moʻynoqqa tashrif buyuruvchi sayyohlar tomonidan xayr-ehson qilish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun Uzcard, Viza, Mastercard toʻlov terminallari oʻrnatiladi va qoʻshimcha ravishda toʻlov tizimlari orqali toʻlovlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaratiladi.
Har bir ishtirokchi daraxtlarni oʻziga kerakli miqdorda sotib olishi va Markaz qoshidagi “Moʻynoq” ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasidan ajratilgan joyga ekilishini taʼminlashi mumkin. Bogʻ doimiy qoʻriqlanadi, daraxtlarga gʻamxoʻrlik qilinadi va bundan tashqari, har bir ekilgan koʻchatni parvarish qilish, sugʻorish va oʻgʻitlash ishlariga ham masʼullik belgilanadi.
Markazda sayyohlarning umumiy elektron maʼlumotlar bazasi boʻladi. Umumiy maʼlumotlar bazasiga sayyohlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ism, familiya, mamlakati, koʻchatlar nomi, tugʻilgan sana, elektron pochta manzili) kiritiladi. Loyiha ishtirokchilariga koʻchatlar boʻyicha moliyaviy, foto va video hisobotlar elektron koʻrinishda doimiy ravishda taqdim etiladi. Bir yil oʻtgach, markazga tashrif buyuradigan sayyohlar oʻz koʻchatlarini Orol dengizi hududiga koʻchirib oʻtkazishlari mumkin, agar tashrif buyurishning iloji boʻlmasa, markazga koʻchatlarni Orol dengizining qurigan tubiga transplantatsiya qilishlari mumkinligi haqida xabar yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu aksiyada qatnashish istagida boʻlgan barcha hamyurtlarimiz va xorijiy fuqarolarni faol ishtirok etishga chaqiradi! Har birimiz Orolboʻyi ekologik holatini yaxshilashga oʻz hissamizni qoʻshaylik!