O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Shaxsiy kabinet”da hammasi tez va oson hal bo‘ladi

2020-02-28 | Texnologiyalar

Hech bir tadbirkor ish jarayonida muammo yoki nizoga duch kelmaslikdan kafolatlangan emas. Ba’zan chigal vaziyatni oqilona va odilona hal etish sudgacha yetib borishi mumkin. Bunday paytlarda zarur hujjatlarni sudga taqdim etishning o‘ziyoq uncha-buncha sa’y-harakatni talab etadi. Natijada vaqt yo‘qotiladi, kezi kelganda ovora-yu sarson bo‘lishga ham to‘g‘ri keladi.

Bundan buyon bu tashvish tadbirkorlik sub'yektlarini ortiq qiynamaydi. Endilikda ular o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun idoradan chiqmay turib, iqtisodiy sudga tez va oson murojaat qila oladi. Prezidentimizning “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ana shunday muhim  yangilik va yengillik yaratildi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, joriy yilning 1 fevralidan boshlab, yuridik shaxslar da’vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniga ega bo‘ldi.

Buning uchun yuridik shaxs soliq to‘lovchi shaxsiy kabinetidagi Da’vo arizalarini sudga yuborish bo‘limiga kirib, da’vo arizasining raqami, sanasi va summasini kiritadi. Tegishli qism yuridik shaxsning STIRi bilan to‘ldirilgach, tadbirkorlik sub'yektining manzili, telefon raqami va shu kabi boshqa muhim ma’lumotlar ekranda avtomatik tarzda paydo bo‘ladi. Javobgarga taalluqli bo‘limlar ham shu singari zarur ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi. Shundan so‘ng murojaatchi da’vo arizasi va  unga ilova qilinadigan hujjatlarni skaner qilib, ularni belgilangan joyga biriktiradi va  tegishliligi bo‘yicha hududiy iqtisodiy sudga yuboradi.

Yuridik shaxs da’vo arizasini javobgar hamda iqtisodiy sudga elektron shaklda yo‘llashining afzalliklari ko‘p va ularning har biri muhim. Avvalo, da’vo arizalarini iqtisodiy sudga borib topshirishga hojat qolmaydi. Shaxsiy kabinet orqali yuborilayotgan da’vo arizalari elektron raqamli imzo kaliti bilan tasdiqlanadi va hujjat to‘liq himoyalangan bo‘ladi. Ya’ni, ma’lumotlar ishonchliligi va xavfsizligi kafolatlanadi. Yuborilgan arizaning har bir bosqichdagi holatini shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish mumkin. 

Muhimi, bularning bari bir nuqtada - soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali istalgan  vaqt va manzilda tezkor, aniq tarzda amalga oshadi. Iqtisodiy sud kotibiyati kelib tushgan arizalarni qulay, oson va sifatli ro‘yxatga olish imkoniga ega bo‘ladi. Bular esa vaqtni tejaydi, xarajatlarni qisqartiradi. Qolaversa, qog‘ozbozlikni bartaraf etadi, byurokratiyaning oldi olinadi. Bunday ijobiy o‘zgarishlar, o‘z navbatida, biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasidagi islohotlar rivojiga hissa qo‘shadi. Ayni jihat Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan har yili e’lon qilinadigan «Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekistonning o‘rni va nufuzini yuksaltirishda alohida ahamiyatga ega. 

Aytish joiz, joriy qilinayotgan ushbu yangi tizim amaldagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etadi. Shu sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari, Oliy sud va boshqa idoralar muxassislari bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasining “Sudlarda ishlarni yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi va “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi va Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, Iqtisodiy protsessual kodeksning tegishli moddalarida sud hujjatlari axborot tizimidan foydalangan holda elektron hujjat tarzida shakllantirish, da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborish mumkinligi qayd etilyapti. Bundan tashqari, Soliq kodeksida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali qonunda nazarda tutilgan hollarda, boshqa manfaatdor shaxslar ham elektron hujjatlar almashinuvini amalga oshirishini belgilovchi norma kiritilmoqda.

Qonun loyihasi Parlament quyi palatasining 2020 yil 18 fevralda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida muhokamalardan so‘ng uchinchi o‘qishda ma’qullandi hamda uni Senatga yuborish yuzasidan Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

Huquqshunos sifatida fikrim shuki,  sudlar ish yurituviga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etishda yanada dadil va ishonchli qadamlar tashlashimiz kerak. Faqat shu yo‘l orqali  eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan to‘siq va g‘ovlarga barham berishga erishamiz. Bu, ayniqsa, “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da oldimizga qo‘ygan katta maqsadlar, ustuvor vazifalarga har tomonlama mos.  Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi.

 

Zamir RO‘ZIYEV,

“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazining Bosh yuristkonsulti

Поделиться