Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimida badiiy taʼlimga oid masalalar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Badiiy akademiya tomonidan tizimdagi taʼlim muassasalarida badiiy taʼlim uzviyligi, uzluksizligini taʼminlash, zamon talablariga mos oʻqitish tizimini keng yoʻlga qoʻyish, jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari bilan tajriba almashish maqsadida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 16-avgustdagi “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim hujjat boʻlib xizmat qilayapti. Bugungi kunda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimida jami 16 ta taʼlim muassasasi – 1 ta institut, 4 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi hamda 11 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati mavjud.
Soʻnggi uch yil ichida badiiy taʼlim sifatini oshirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi “Respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali qabul qilish amalga oshirilmoqda.
Badiiy taʼlim yoʻnalishida yana bir muhim qadamlardan biri –tasviriy va amaliy sanʼat sohasida oliy maʼlumotga ega boʻlmagan, lekin oʻzining noyob isteʼdodi va mahorati bilan tanilib, xalq eʼtirofiga sazovor boʻlgan xalq rassomlari, Badiiy akademiya akademiklari, “Oʻzbekiston xalq ustasi” va soha boʻyicha boshqa davlat mukofotlari va sharafli unvonlarga sazovor boʻlgan mutaxassislar oliy oʻquv yurtlarida dars berish huquqiga ega boʻldi.
Shuningdek, Badiiy akademiya tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari hamda maktab-internatlari bitiruvchilariga davlat namunasidagi mutaxassislik diplomi taʼsis etildi. 2019-yildan tizimdagi oʻquv dargohlarida pedagog kadrlarining attestatsiya jarayonlari Badiiy akademiyaning akademiklari hamda soha mutaxassislari tomonidan oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgani sohada taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
2018-2019 oʻquv yili yakuni boʻyicha Badiiy akademiya tizimidagi taʼlim muassasalarining 438 nafar oʻquvchisi respublika va xalqaro tanlov hamda festivallarida qatnashib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.
Badiiy taʼlim doirasida bir qancha qoʻshma dasturlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida Chanapatana xalqaro dizayn instituti (Tailand) bilan hamkorlikda “Dizayn libos va gazlamalar” va “Interyerni loyihalash” yoʻnalishlarida 3+1 dasturi asosida qoʻshma fakultet hamda Janubiy Koreyaning Kemyong universiteti bilan hamkorlikda “Dizayn libos va gazlamalar” va “Interyerni loyihalash” yoʻnalishlarida 2+2+1,5 dasturi asosida qoʻshma fakultet ochildi.
N.USMONOVA, OʻzA