O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jahonning taniqli anesteziolog va reanimatologlari poytaxtimizda jam bo‘lishdi

2020-02-28 | Sog‘liqni saqlash

Sog‘liqni saqlash vazirligi va akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan “Anesteziologiya-reanimatologiya va intensiv davolashda yangi texnologiyalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani ish boshladi.

Unda Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Daniya, Turkiya, Shveytsariya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston kabi qator davlatlarning taniqli mutaxassislari ishtirok etishmoqda. Tashkil etilgan navbatdagi xalqaro anjumandan maqsad anesteziologiya-reanimatologiya va intensiv davolashda dunyo tajribasi, bu sohadagi tibbiyotning zamonaviy yutuqlarini amaliyotga keng tatbiq etishdir.

Ushbu xalqaro forum tibbiyot muassasalarining xalqaro hamkorligini kengaytirish, anesteziolog-reanimatologlarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy klinika va oliy tibbiyot muassasalari bilan tanishishiga zamin yaratadi.

Anjumanda sohadagi yutuqlar, muammolar va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda. Unda yetakchi xorijiy mutaxassislarning ma’ruzalari, mahorat saboqlari, zamonaviy tibbiy jihozlar ko‘rgazmasi, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganchdagi shifoxonalarda mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari ham bo‘lib o‘tadi.

Anjuman davomida "Sport tibbiyoti amaliyotidagi shoshilinch holatlar”ga bag‘ishlangan seksiya ham o‘tkazildi. Unda 200 nafardan ortiq mutaxassis, jumladan, sport tibbiyoti shifokorlari, magistrlar va klinik ordinatorlar ishtirok etmoqda. Anjumanda birinchi marta o‘rta tibbiyot xodimlari vakillari - anesteziologiya va reanimatsiya xizmatida faoliyat ko‘rsatayotgan 150 nafar hamshira ham faol qatnashmoqda.

O‘zaro muloqotlarda sohadagi eng dolzarb masalalar, jumladan, tizim uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, innovatsion usullarni tatbiq qilish, anesteziologiya va reanimatsiya xavfsizligini ta’minlash, nafas yetishmovchiligi uchun davolashning yangi texnologiyalari, intensiv terapiyada va reanimatsiya bo‘limlarida bemorlar uchun ozuqaviy va metabolik qo‘llab-quvvatlash, hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolarni transplantatsiya qilishda anesteziologik qo‘llanma va intensiv davolash kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Anjumanda o‘tkazilayotgan tibbiy amaliyotlarda hayotni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy texnologiyalariga alohida e’tibor berildi. Behushlik va hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish, operatsiyadan oldingi kuzatuv va nafas olish uchun intensiv terapiya bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.

Ishtirokchilar tomonidan istiqbolda anesteziologiya-reanimatologiya va intensiv davolash yo‘nalishida ulkan vazifalar turgani qayd etilib, bu borada muvaffaqiyatga uzluksiz malaka oshirish, ta’lim va tajriba almashish orqali erishish mumkinligi e’tirof etildi.

Поделиться