O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahalla kompleksini qurgan investorlarga soliq imtiyozlari joriy etiladi
2020-02-27 | Jamiyat
Mamlakatimiz Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida vazirlikning asosiy vazifalari belgilab berildi. (18.02.2020-yil. PQ-4602-son).
Shuningdek, vazirlik tashkiliy tuzilmasi hamda hududiy bo‘linmalarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari tasdiqlandi.
Jumladan, davlat byudjeti,vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar grantlari moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
Qarorga ko‘ra, har bir mahallada investorlarni jalb etgan holda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi kompleksini qurish belgilandi.
Komplekslarni barpo etgan investorlarga tadbirkorlik faoliyati uchun ulardan kichik bo‘lmagan maydonga ega bo‘lgan ob'yektlar ajratiladi.
Qarorda investorlarga qurilgan qo‘shimcha ob'yektlar foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab 3 yil muddatga soliq imtiyozi joriy etilishi belgilandi.
Xususan, investor taqdim etiladigan yer uchastkasiga va unda qurilgan ko‘chmas mulkka nisbatan yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini belgilangan soliq stavkasini 50 foizga kamaytirgan holda to‘laydi.
Shuningdek, bu imtiyoz mazkur ob'yektlarda amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda solig‘i hamda aylanmadan olinadigan soliqlar uchun ham amal qiladi.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga komplekslardagi foydalanilmayotgan xonalarni ijaraga berishdan kelib tushayotgan mablag‘larni faqat komplekslarni saqlash va obodonlashtirish xarajatlarini qoplash uchun sarflash huquqi berildi.
Mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarish choralarini ko‘rish belgilandi.