O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi: byurokratiyaning oldini olish, qog‘ozbozlikni yanada qisqartirish bo‘yicha monitoring va tahlillar olib boriladi
2020-02-27 | Jamiyat
Adliya vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda Prezidentimizning 2019-yil 9-dekabrdagi “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati hamda qarorda belgilangan ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Unda vazirliklar, idoralar, qo‘mitalar va boshqa davlat tashkilotlarining ish yuritish, hujjatlar bilan ishlash, ijro intizomini nazorat qilish hamda normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan yuzdan ortiq xodimlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qaror bilan davlat tomonidan tartibga solish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish belgilandi.
Xususan, qarorga asosan:
1. 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 ta funktsiya va vakolatlari davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga o‘tkazildi;
2. 2020-yil 1-yanvardan Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 28 turdagi hujjatni fuqarolardan talab qilishi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi;
3. 2020-yil 1-martga qadar vazirlik va idoralarning barcha xodimlari va rahbarlari elektron raqamli imzolar bilan ta’minlanishi lozimligi belgilandi;
4. 2020-yil 1-yanvardan Prezident va Hukumat hujjatlari bilan tuzilgan jami 29 ta idoralararo kollegial organ faoliyati tugatildi;
5. 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi belgilandi.
Qaror bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2020-yil 6-yanvarda tasdiqlangan tashkiliy chora-tadbirlarga ko‘ra Respublika darajasidagi barcha tashkilotlar uchun 2020-yil 1-iyundan joriy etilishi belgilandi.
Barcha davlat organlari va tashkilotlariga hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish uchun shaxsan javobgarlik yuklatildi.
Shuningdek, jami 29 ta, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (13 ta) va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati (16 ta) hujjatlari bilan tuzilgan idoralararo kollegial organlarning ayrimlari vakolatlarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga o‘tkazgan holda 2020-yil 1-yanvardan boshlab tugatildi.
Shuningdek, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish bo‘yicha 16 ta banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unda vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar ham belgilab berildi.
Endilikda Adliya vazirligi hamda hududiy adliya organlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyaning oldini olish, qog‘ozbozlikni yanada qisqartirish bo‘yicha aniq va asoslantirilgan takliflarni kiritgan holda mazkur qaror ijrosi bo‘yicha ta’sirchan monitoring va tahlillar olib boriladi. Tadbirda mutaxassislar qarorning mohiyati yuzasidan ushbu jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.