O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ijtimoiy himoya qilinmoqda
2020-02-27 | Jamiyat
Soʻnggi yillarda mamlakatda ijtimoiy yetimlikning oldini olish, aholi va yoshlar orasida sogʻlom oila qurishga masʼuliyat bilan yondashishni targʻib qilish, oilaviy qadriyatlarga maʼnaviy-axloqiy munosabatni shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar tarbiya muassasalari va ularda tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sonini sezilarli ravishda kamaytirishga yordam berdi.
Shu bilan birga, bolalarni joylashtirishning oilaviy hamda boshqa muqobil shakllarini keng joriy etish, ayniqsa ularni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish (patronat), shuningdek bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish zarurligini hayotni oʻzi koʻrsatdi.
Ijtimoiy yetimlikni yana-da kamaytirish, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, ularning jadal ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish, tarbiya muassasalarining ish faoliyatini yaxshilash, shuningdek jismonan sogʻlom va maʼnaviy yetuk avlodni tarbiyalashda oilaning rolini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 11-fevralda PQ-4185-son qarori qabul qilindi.
Qaror ijrosi yuzasidan, tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy moslashuvi va kasb-hunarni muvaffaqiyatli tanlashi, ularda ijtimoiy va hayotiy koʻnikmalarni hosil qilish maqsadida Mehribonlik uylarida, zarur moddiy-texnik baza bilan taʼminlagan holda, oʻquv kurslari-“Uy-roʻzgʻor akademiyasi” hamda zamonaviy kompyuter dasturlash koʻnikmalariga oʻqitish kurslari tashkil qilindi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlarini kafolatlagan holda “Ishonch telefonlari” orqali ularga yordam koʻrsatish tizimi yaratildi. Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida zarur aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida xonalar ajratilib, “1006” va “11960” qisqa raqamli ishonch telefonlari uzluksiz ishlashi va ulardan tarbiyalanuvchilarning erkin foydalanishini taʼminlandi.
Har bir Mehribonlik uylariga tarbiyalanuvchilar sonidan qatʼiy nazar 1 tadan psixolog shtat birligi ajratildi. 200 nafardan ortiq tarbiyalanuvchilari boʻlsa, 2 ta psixolog shtat birligi ajratilishi belgilandi.
Oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy yetimlikning oldini olish, shuningdek Mehribonlik uylarini bosqichma-bosqich kam komplektli Bolalar shaharchalariga hamda ijtimoiy muassasalarning boshqa muqobil shakllariga oʻtkazish maqsadida “2019-2023-yillarda Mehribonlik uylarini noinstitutsionallashtirish dasturi” Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 824-son qarori bilan qabul qilindi.
2019-yil 1-martdan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun toʻlanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 soʻmni tashkil qildi.
2019-yil 1-oktyabrdan boshlab vasiylik va homiylik organlari xodimlariga oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq transport xarajatlarini qoplash uchun har oyda 170 000 soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlanmoqda.
Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarining 413 nafar pedagog xodimlari, 43 nafar rahbar xodimlari attestatsiyadan oʻtkazildi.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida 2019-yil yakuni boʻyicha 2018-yilga nisbatan:
vasiylikka berilgan bolalar soni – 20 104 nafar (+3717)ni;
homiylikka berilgan bolalar soni – 12 768 nafar (+2651)ni;
oilaga (patronat) tarbiyaga berilgan bolalar soni — 738 nafar (+138)ni;
farzandlikka berilgan bolalar soni – 31 252 nafar (+756);
Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari soni — 2369 nafar (-206)ni;
Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalaridagi kam taʼminlangan oilalar farzandlari soni – 420 nafar (-128)ni tashkil qilmoqda.
2019-yilda 11-sinfni tugatgan 26 nafar Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchidan 11 nafari (42%) OTM da oʻqiydi, ularning 15 nafari (58%) ish bilan taʼminlangan. Uy-joyga muhtoj boʻlgan 18 nafar 2019-yilgi 11-sinf bitiruvchilaridan 5 nafari (28%) alohida turar-joy bilan taʼminlangan.