O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kadrlar malakasini oshirishda idoralararo hamkorlik
2020-02-25 | Ta’lim
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quv-kurslari, davra suhbatlari va ilmiy seminarlar tashkil etib kelmoqda.
Xususan, Malaka oshirish markazida Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda “Soliq qarzini undirishni tashkil qilish” yo‘nalishida 24 nafar soliq xodimi uchun 72 soatlik maxsus kurs tashkil etildi.
Mazkur kursga jalb etilgan tinglovchilar:
- yangi tahrirdagi Soliq kodeksi, 2020-yilgi soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari va qonunchilikdagi o‘zgarishlar;
- yuridik va jismoniy shaxslarning soliq qarzini undirishda asosiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, qarzdorlikning yuzaga kelish sabablari, umidsiz soliq qarzi va uni hisobdan chiqarish tartibi;
- xavfni tahlil qilish va soliq to‘lovchilarni segmentlash, soliqdan qochish sxemalari va ularni bartaraf etish yo‘llari, yashirin iqtisodiyotni oldini olish va doimiy nazorat qilib borish;
- soliq qarzini majburiy undiruvga qaratish bo‘yicha dasturiy mahsulotdan foydalanish;
- soliq va valyuta sohasidagi jinoyatlar, iqtisodiy jinoyatlar tushunchasi, xususiyati turlari va javobgarlik masalalari, iqtisodiy-moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha xorij tajribasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish milliy tuzilmalari, ularga yuklatilgan vazifa va funktsiyalar kabi mavzulardagi mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
Kursni yakunlagan tinglovchilarga Malaka oshirish markazi hamda Bosh prokuratura Akademiyasining qo‘shma sertifikatlari topshirildi.
Aytib o‘tish joizki, bugungi kunda respublika soliq tizimida soliq qarzini undirishni tashkil etish yo‘nalishida 840 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi.
2020-yil oxirigacha mazkur yo‘nalishdagi o‘quv-kurslarini masofaviy ta’lim shaklida tashkil etish rejalashtirilgan.