O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
TIVda uchrashuv
2020-02-25 | Siyosat
2020-yilning 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov MDH Moliya-bank kengashining (MBK) raisi, MDH Ijroqo‘mi raisi – Ijrochi kotibning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anatoliy Kazakov, MDH MBK prezidenti Vadim Kumin, kengash bosh direktori Pavel Nefidov va bosh direktor o‘rinbosari Andrey Laykovdan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida Vadim Kumin O‘zbekiston tomonini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi hamkorlikni, birinchi galda savdo-iqtisodiy, investitsiya sohalarida aloqalarni va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan MDHga raislikning muvaffaqiyatli boshlanganligi bilan tabrikladi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo, MDH, boshqa yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlarga nisbatan olib borayotgan ochiq va konstruktiv siyosati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
MDH davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, bu esa mamlakatni 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan. O‘zbekistonda MDHga raislik konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinganligi ta’kidlandi.
Bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston bilan MDH MBK hamkorligining dolzarb jabhalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning MDHga raisligi doirasida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning navbatdagi Xalqaro moliya-bank forumi 2019-yil 28-29-mart kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan shunday tadbirning mantiqiy davomi hisoblanishi ta’kidlandi.
Bo‘lajak forumda MDH, Janubi-Shahrqiy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlarining milliy va tadbirkorlik banklari va birjalarning rahbarlari, moliyaviy muassasalar, bank birlashmalari va assotsiatsiyalari vakillari hamda innovatsiya va investitsiya kompaniyalari rahbarlarining ishtirok etishi rejalashtirmoqda.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.