O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Onlayn olimpiadalarini tashkil etish va iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirish axborot tizimi ishga tushirildi

2020-02-24 | Ta’lim

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida raqamli bilimlar va zamonaviy texnologiyalarini egallash boʻyicha bergan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar oʻquvchilari uchun “Onlayn olimpiadalar tashkil etish va iqtidorli oʻquvchilar zaxirasini shakllantirish” axborot tizimi– olympiad.uzedu.uz ishga tushirildi. 

Ushbu axborot tizimining taqdimot marosimi 21-fevral kuni boʻlib oʻtdi. 

Axborot tizimining maqsadi oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, fanlarga oid qoʻshimcha materiallar bilan taʼminlab borish, egallagan bilimlarini baholash, natijalarni onlayn monitoring qilish uchun imkoniyat yaratishdan iborat. 

Onlayn olimpiadalar 4-11-sinf, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan tashkil qilinadi. Oʻquvchilar olimpiadada bepul va ixtiyoriy ravishda ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun ishtirokchilar olympiad.uzedu.uz sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtishi va tahsil olayotgan taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlanishi kerak boʻladi. Onlayn olimpiadalarni fanlar boʻyicha oʻtkazish jadvali olympiad.uzedu.uz veb-saytida eʼlon qilib boriladi.

Onlayn olimpiada topshiriqlari murakkablik darajasi turlicha boʻlgan 20 ta test savollaridan iborat boʻlib, topshiriqlarni bajarish uchun oʻquvchilarga bir soat vaqt ajratiladi. 

Onlayn olimpiada Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli yoshlar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi. 

- 2020-yil — “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishi Muhtaram Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasiga juda katta eʼtibor berilayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bu yil matematika, biologiya, kimyo va geologiya sohalarini rivojlantirish maqsad qilib qoʻyildi. Yangi joriy qilingan onlayn olimpiadalar axborot tizimi ilm-fan rivojiga oʻz hissasini qoʻsha oladigan iqtidorli yoshlarni aniqlash imkoniyatini yaratadi, — dedi Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari Dilshod Kenjayev. 

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning 3-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni oʻzlashtirishga boʻlgan ragʻbatini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrugʻini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadida qabul qilingan. Shu bilan birga, qarorda iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlari belgilangan.

Поделиться