O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri YUNESKO vakillari bilan uchrashdi
2020-02-21 | Fan
19-fevral kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov YUNESKO vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda YUNESKO shtab kvartirasining ilm-fan boʻlimi loyihalar boʻyicha assistenti Korneliya Tzinova, hududiy idoraning ilm-fan boʻlimi boshligʻi Kristine Tovmasyan ishtirok etdilar. Tomonlar “Oʻzbekistonda ilm-fan, texnologiya va innovatsiya tizimini rivojlantirish” loyihasini muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida YUNESKO konsultantlari tomonidan yurtimizdagi ilm-fan rivojlanishining joriy holati boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlarning birinchi bosqichi natijalari namoyish etildi, respublikamizdagi ilm-fan tahlili boʻyicha hisobot taqdimoti oʻtkazildi.
Taqdimotda fan va innovatsiya sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, milliy innovatsiya tizimini rivojlantirishda mavjud masalalar va imkoniyatlar namoyish etildi. Shuningdek, mazkur sohaning kuchli jihatlari, sohadagi muammolar, imkoniyatlar tahlili koʻrsatildi.
Tomonlar hisobotni qisqa muddatlarda yana-da takomillashtirish boʻyicha ishlarni amalga oshirib, joriy yil uchun loyiha doirasida hamkorlikdagi harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Oʻrganishlar natijasida ishlab chiqilgan yakuniy hisobot YUNESKO tomonidan chop etiladi
Loyiha doirasida ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish borasidagi oʻn yillik yagona siyosatni ishlab chiqib, mazkur yoʻnalishda faoliyat yurituvchi idoralar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va vazifalarning aniq belgilanishini taʼminlash, bir vazifani takror bajarilishini oldini olishga erishiladi. Shuningdek, innovatsion faoliyat yurituvchi subyektlarning yaratilishiga, hududlarda ilm-fan bilan shugʻullanuvchilar sonining oshishiga, hududiy ilmiy imkoniyatlardan foydalanishga zamin yaratiladi.