O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi - “Yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish” hayotga keng tatbiq etilmoqda
2020-02-21 | Ta’lim
Mamlakatimiz umumta’lim maktablarida Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgan edi.
II yo‘nalish doirasida boshqa loyihalar bilan bir qatorda “Quvnoq startlar”, “Sport doim yutadi” musobaqasi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish, mashhur sportchilar bilan maktab o‘quvchilarining uchrashuvlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Loyihalar doirasida respublikaning barcha hududlaridagi millionlab yoshlar orasida sport va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, “Quvnoq startlar” musobaqasi doirasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quv dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, televizion ko‘rsatuvlarda respublika umumta’lim maktab jamoalari o‘rtasida musobaqalar o‘tkazildi. O‘yinlar ommabop, qiziqarli va ko‘ngilochar bo‘lib, har qanday yoshdagi o‘smirlar uchun mo‘ljallangan.
Musobaqa 2019 yilning noyabr-dekabr oylari va joriy yilning yanvar-fevral oylarida Respublika miqyosida barcha tuman(shahar)lardagi umumta’lim maktablarida o‘tkazilishi belgilangan.
Ushbu musobaqaning birinchi (maktab) bosqichi 2019 yilning noyabr va dekabr oylarida o‘tkazildi. Unda 1 906 632 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi. Shundan 953 316 nafari qizlarni tashkil etdi.
Musobaqaning ikkinchi (tuman/shahar) bosqichi joriy yilning
yanvar - fevral oylarida tashkil etildi. Bugunga qadar 7 ta hududda (Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri) mazkur musobaqalarning tuman (shahar) bosqichi 5 600 nafar o‘quvchilar (shundan 2 759 nafari qizlar) ishtirokida o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlandi.
Uchinchi bosqich barcha hududlarda joriy yilning mart oyida o‘tkaziladi.
Ta’kidlash lozimki, 5 tashabbus amaliyoti joriy etilgan 42 ta tuman (shahar)lardagi 183 ta umumta’lim muassasalarida, 2019 yilning oktyabr oyida noan’anaviy tarzda 5-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Quvnoq startlar” sport musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu musobaqalarga jami 122 074 nafar (shundan 61 195 nafar qizlar) o‘quvchilar jalb etilib, 1 806 nafari (shundan 903 nafari qizlar) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommaviylashtirish maqsadida, joriy yilning fevral-mart oylarida “5 tashabbus Navro‘zda” festivalini o‘tkazish belgilandi.
Ushbu festival doirasida “Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport o‘yinlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga asosan hududlarda jami 370 ming nafardan ortiq o‘quvchilarning milliy va harakatli o‘yinlar bo‘yicha bellashishi rejalashtirilgan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan “Sport doim yutadi” musobaqasi chekish, alkogol mahsulotlari va giyohvandlik moddalarning iste’mol qilinishiga qarshi kurashish maqsadida sportning futbol, shaxmat-shashka, basketbol, stol tennisi, armrestling turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari o‘tkazishga qaratilgan.
Loyiha doirasida 2019 yilning dekabr oyi va 2020 yilning yanvar oyi davomida respublikamiz miqyosida 3765 ta sport musobaqalari va ommaviy-sport tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur musobaqalarda 1 232 105 nafar ishtirokchilar qatnashdi. Jumladan, 536 167 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi. Musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, hamkor tashkilotlar va homiylar tomonidan diplom, medal, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. O‘tkazilgan sport musobaqalari teleradiokanallarda, hududiy boshqarmalarning rasmiy veb-sayti, vazirlik veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritib borildi.
Navbatdagi loyiha - “Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish” bo‘yicha sport va piyoda sayohatlari, marafonlar tashkil etiladi. Hududlarda tashkil etilgan Ishchi guruhlar tomonidan aholining keng qatlami, tashkilot va muassasalarning ishchi xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning sportga qiziqishini oshirish uchun hududiy hokimliklarining manzilli dasturi ishlab chiqilgan.
2019 yilning dekabr oyi va 2020 yilning yanvar oyi davomida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktab o‘quvchilari, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim muassasalari talabalari, tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida 610 ga yaqin marafon va 815 dan ziyod ommaviy piyoda yurish sayrlari o‘tkazildi.
Mazkur sport tadbirlarida 2 800 423 nafar ishtirokchilar qatnashdi. Shulardan 1 216 291 nafari - xotin-qizlarni tashkil etdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Mashhur sportchilar bilan maktab o‘quvchilari
ning uchrashuvlarini tashkil etish” loyihasi doirasida maktab o‘quvchilari hamda mahalla yoshlarining sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish maqsadida yuqori natijaga erishgan sportchilar hududlardagi barcha tuman (shahar) maktablariga taklif etildi.
Yuqori natijalarga erishgan sportchilar ishtirokida mahallalarda 561 dan ziyod davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida faxriy sportchilar yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berish bilan bir qatorda mahorat saboqlari, mahorat darslarini ham o‘tkazishdi.
Yoshlarni sportga keng jalb etish, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida tuman va shaharlarda shtablar tashkil etildi.
Umumta’lim maktablarining sport inshootlarida o‘qituvchilar tomonidan 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida olib boriladigan darsdan tashqari, sport to‘garaklaridan so‘ng kech soat 16:00 dan - 21:00ga qadar, shuningdek, dam olish kunlari esa ertalabdan kechga qadar 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va mahalla aholisi mazkur sport inshootlarida shug‘ullanmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik, ichkilikbozlik, kashandalik kabi illatlarning oldini olishga, shuningdek aholining keng qatlamini jismoniy tarbiya va sportga jalb etishga qaratilgan “Hokim kubogi” aktsiyalari, “Yoshlar marafoni”, shuningdek har haftada “Haftalik sport musobaqalari” kabi tadbirlarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha jami 11 648 ta ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilib, unda 1,3 mln.dan ziyod aholining, shundan 400 mingga yaqin ayollarning ishtiroki ta’minlandi.
Shuningdek, respublikamizning barcha hududlarida uyushmagan yoshlar o‘rtasida ommaviy sport tadbirlari ham muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning shu davriga qadar respublika bo‘yicha voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan 7 012 taommaviy sport tadbirlarida 703 894 nafar (shundan 272 319 nafar qizlar) ishtirok etdi.
Oilaviy sport musobaqalari ham muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, 815 ta oilaviy sport musobaqalarida 36 mingdan ziyod oila a’zolari (shundan 16 mingdan ortiq xotin-qizlar) ishtirok etdi.
Aholini, ayniqsa xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish maqsadida mahalla, qishloq, istirohat bog‘lar, korxona hamda muassasalarda ertalabki ommaviy badantarbiya mashqlari o‘tkazilmoqda. Ushbu badantarbiya mashqlarida respublika bo‘yicha aholining 21 foizi (shundan 10,1 % ayollar) ishtirok etmoqda.
Bu kabi musobaqalar sport inshootlaridan samarali foydalanishga, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, harakatli o‘yin turlarini ommalashtirishga hamda jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga zamin yaratadi.
Ta’kidlash joizki, loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2019 yil 4 oktyabrdagi 22711-xh-son topshirig‘iga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Raisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusini amalga oshirish to‘g‘risida”gi majlis bayonidan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda.