“Hunarmand” uyushmasida 1-16-fevral kunlari Hindistonning Xaryana shtatida oʻtkazilgan “Surajkund Mela” 34-xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etib qaytgan hunarmandlar bilan uchrashuv boʻldi.
Festivalda 60 mamlakatdan mehmonlar ishtirok etgan. Bu yil Oʻzbekiston nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun sherik davlat sifatida tanlab olingan. Oʻzbekistonlik hunarmandlar milliy sanʼatimizdagi yutuqlar, folklor va turistik jozibadorlikni keng namoyish etdi.
Milliy kashtachilik, ipak, adras, baxmal matolari, ulardan tikilgan libos va aksessuarlar, kulolchilik, gilamdoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi namunalari, milliy matolar, miniatyura sanʼati kabi ijodiy ishlar xorijliklarda katta taassurot qoldirdi.
Festival ochilishida Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovind ishtirok etdi. Prezident oʻzbek hunarmandlarining mahsulotlari bilan tanishdi.
– Festivalda hindistonlik hunarmandlar bilan tajriba almashdik, – dedi fargʻonalik hunarmand Yusufjon Mamayusupov. – Ayniqsa, qoʻlda gazlama toʻqish dastgohiga, yogʻoch oʻymakorligi asosida tayyorlangan turli laganlar va lavhga, kashtachilik buyumlariga koʻpchilik qiziqdi. Ishtirokchilar “Qoʻlda shunday ajoyib buyumlar tayyorlash mumkinmi, buni qanday oʻrgansa boʻladi?” degan savollarni berdi. Mahorat darslari oʻtdik. Kelishuvlarga erishdik. Milliy matolarimizga hindistonliklar, boshqa xorijlik ishtirokchilar katta qiziqish bildirdi.
Navoiylik kashtadoʻz Feruza Omonova va fargʻonalik hunarmand Yusufjon Mamayusupov festival kubogini qoʻlga kiritdi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA