“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida “Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum” xalqaro aviatsiya forumi ish boshladi.
Unda AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, BAA, Bahrayn, Ozarbayjon, Yaponiya, Kanada, Hindiston, Braziliya, Turkiya, Kuvayt, Misr, Xitoy, Janubiy Koreya, Qozogʻiston kabi davlatlardan yetakchi aviatashuvchilar, transport logistikasi yoʻnalishidagi yirik kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar ishtirok etmoqda.
Forum ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov transport logistikasi tizimini takomillashtirish, sifatli va xavfsiz xizmat koʻrsatish boʻyicha yangi loyihalarni tatbiq etish, aviatashuvlar koʻlami va qamrovini kengaytirish, isloh qilish, turizmni rivojlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirdi.
Bu jarayonda nufuzli aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilish, raqobatbardoshlikni taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shundagina Oʻzbekistonni dunyoning yirik aviatsiya xablaridan biriga aylantirish mumkin boʻladi.
Bugun turizm sohasi rivoji bevosita aviaqatnovlar bilan bogʻliq. Shu bois, barcha mamlakatlar aeroportlarni zamonaviylashtirish, xizmatlarni takomillashtirish, yoʻlovchilarga yana-da qulaylik yaratishda yangi gʻoyalarni tatbiq qilishga oʻtgan.
Oʻzbekistonda ham bu borada islohotlar boshlangan. Mamlakatda sifatli transport xizmati koʻrsatish, shu orqali turizm rivojini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda. Sohani rivojlantirish, mamlakatimiz boʻylab sayohat qiluvchilar, xorijiy mehmonlarga xizmat koʻrsatishni yana-da rivojlantirish yoʻnalishida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Transport vazirligi tashkil etildi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tarkibiy jihatdan “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” AJga ajratildi. Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilindi. Hozirda bu aeroportlarga parvozlarni amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Keyingi 3 yilda Oʻzbekistonga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 15 tadan 23 taga yetdi.
“IrAero”, “FlyDubai”, “Zagros Airlines” kabi aviakompaniyalarning yangi yoʻnalishlarda doimiy qatnovi yoʻlga qoʻyildi, “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd”, “Atlasglobal” aviakompaniyalari charter reyslari ochildi.
Oʻzbekistonga kelish uchun 86 mamlakat fuqarolariga vizasiz rejim joriy etildi. 57 davlatdan keladigan mehmonlar ikki kun ichida elektron viza olishi mumkin. Bir davlatdan boshqa davlatga tranzit yoʻli bilan oʻtayotgan yoʻlovchiga Oʻzbekistonda vizasiz 5 kun qolishi uchun ruxsat bor. Bu xorijlik yoʻlovchilarga yurtimiz boʻylab sayohat qilish imkonini beradi.
– Aeroportlar holatini yaxshilash uchun bir qator yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri E.Gʻaniyev. – Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yoʻlovchi terminali va uchish-qoʻnish yoʻlagi qurilishi natijasida aeroportning oʻtkazuvchanlik imkoniyati 500 dan 1500 ga yetkaziladi. Toshkent aeroporti oʻtkazuvchanlik holati maqbullashtirilgandan keyin yiliga 7 million kishiga xizmat koʻrsata oladigan xabga aylanadi. Bundan tashqari, Termiz va Andijon xalqaro aeroportlarining ham oʻtkazuvchanlik imkoniyati kengaytiriladi.
Bu tadbirlarni amalga oshirish uchun Jahon banki mutaxassislari jalb qilingan. Ular aviatsiya bozorini liberallashtirish va sohada zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga qaratilgan aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Tadbir doirasidagi sessiyalarda xalqaro kompaniyalar ekspertlari turizm va transport tizimini rivojlantirishga oid tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
– Forum yuqori saviyada tashkil etilgan va unda dunyoning koʻplab yirik aviakompaniyalari ishtirok etayotganining oʻzi ham tadbir nufuzini belgilaydi, – dedi kuvaytlik ishtirokchi Sayid Al Zarauni. – Oʻzbekiston bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatidamiz. Oʻzbekiston jugʻrofiy jihatdan Markaziy Osiyoning yuragi hisoblanadi. Koʻp mamlakatlar havo qatnovlarini Oʻzbekiston orqali amalga oshirishga harakat qiladi. Afsuski, ilgari bu imkoniyat yoʻq edi. Hozir Oʻzbekiston yangilandi, davlatingiz rahbari sohaga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu bois, hozir dunyoning koʻplab yirik aviakompaniyalari Oʻzbekistonga qiziqish bildirmoqda.
Tadbir doirasida koʻrgazma tashkil etildi. Unda xalqaro aeroportlar, aviatsiya va logistika kompaniyalari oʻz mahsulotlari, xizmat turlarini namoyish etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan BAAning “Fair Exhibition Organizers” kompaniyasi hamkorligida oʻtkazilayotgan birinchi xalqaro aviatsiya forumi oʻz ishini davom ettirmoqda.
Saidmurod RAHIMOV, OʻzA