O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Paxta sanoatini barqaror rivojlantirish bo‘yicha seminar o‘tkazilmoqda
2020-02-20 | Iqtisodiyot
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan "Paxtachilik sanoatini barqaror rivojlantirish va qo‘shilgan qiymatni oshirish" global loyihasi doirasida Better Cotton Initiative (BCI) - “Yaxshi paxta tashabbusi” tamoyillariga asoslangan barqaror paxta yetishtirish standart tizimi bo‘yicha trening Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu o‘quv treningi qishloq xo‘jaligining barqaror tajribalarini, Better Cotton Initiative (BCI) - “Yaxshi paxta tashabbusi” standartining tamoyillari va mezonlarini, BCI standarti talablariga javob beradigan paxta yetishtirishda ijtimoiy va ekologik jihatlarini o‘z ichiga qamrab olgan.
Treningda Samarqand va Navoiy viloyatlari hokimliklari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining Samarqand va Navoiy hududiy boshqarmalari vakillari, Paxta-to‘qimachilik klasterlari ish boshqaruvchilari, agronomlar va fermerlar qatnashmoqda.
Loyiha Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi - paxtani ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan barqaror ishlab chiqarish tizimini, shu jumladan mamlakatda dastlabki qayta ishlash tizimini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlashdir. Shu maqsadda loyiha paxta yetkazib berish zanjiri bo‘ylab strategik ittifoqlarni shakllantiradi va fermerlarga o‘z ishlab chiqarish tizimini takomillashtirishda yordam beruvchi sheriklarni qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy e’tibor xalqaro barqarorlik standartlarini (BCI, Organic Cotton-„Organik paxta” va boshqalar) joriy etishda yordam beruvchi paxta yetishtirish va qayta ishlash tizimlariga qaratiladi.