O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Suv xo‘jaligi vazirligida matbuot anjumani o‘tkazildi

2020-02-19 | Jamiyat

Joriy yil 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning vazirlik tizimida ijrosiga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B.Tojiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi R.Mamutov, suv xo‘jaligi sohasida hamkor xorijiy tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Suv tejovchi texnologiyalar

Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda joriy yilda respublikamiz bo‘yicha 44 ming gektardan ziyod maydonda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 24,8 ming gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan. Mazkur sohada davlat qo‘llab-quvvatlovi, xususan, subsidiyalar ajratilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2020-yilda ham suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun 300 mlrd. so‘m ajratiladi. Xususan,  qishloq xo‘jaligi ekin turi, sug‘orish texnologiyasi va yerning bonitet ballidan kelib chiqib, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun gektariga 8 mln. so‘m, yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari uchun 4 mln. so‘m, diskretli sug‘orish uchun 1 mln. so‘mdan ajratish nazarda tutilgan. Shuning bilan bir qatorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 mln so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida qoplab berilmoqda.

Respublikamizda hozirgi kunga qadar 130 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan bo‘lib, shundan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi 77,4 ming gektarni tashkil etadi. 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlarni 250 ming gektarga  yetkazish rejalashtirilgan. Shu tartibda ish olib borib, tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladigan maydonlar 2025-yilga borib jami 1 mln. gektarga, jumladan, tomchilatib sug‘oriladigan maydonlar 250-300 ming gektarga yetkaziladi.

Suv hisobini yuritishni avtomatlashtirish

Prezidentimizning Murojaatnomasida suv xo‘jaligi ob'yektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish zarurligi belgilab berildi. Bu borada vazirlik tizimida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan imzolangan bitimga muvofiq, respublikamizning asosiy yillik suv ob'yektlariga zamonaviy “Aqlli suv” tizimi joriy qilinyapti. O‘tgan yili KOICAning grant mablag‘i evaziga moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida, 61 ta suv xo‘jaligi ob'yektlariga suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi qurilmalar o‘rnatildi.

Ushbu tizim 2020-yilda yana 90 ta ob'yektda joriy qilinadi. “Aqlli suv” tizimini 2025-yilda 300 taga, 2030-yilga borib esa 1000 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, sizot suvlari sathi va mineralizatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn uzatish, monitoring yuritish hamda sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holatini baholash tizimini yaratish maqsadida 2020-yilda 2000 dona, 2025-yilda 6000 dona va 2030-yilgacha 27270 dona kuzatuv quduqlarida geoaxborot tizimlari o‘rnatiladi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda 2020-yilda 10 ta, 2020-2021-yillarda 20 ta va 2030-yilgacha 100 ta suv xo‘jaligi ob'yektlarini boshqarish jarayonlari va suvni nazorat qilish ishlari avtomatlashtiriladi.

Sohada kadrlar masalasiga va ularning malakasini oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Joriy yilda 500 nafar, 2021- va 2022-yillarda 800 nafar, 2030-yilga qadar esa jami 5000 nafar oliy ma’lumotli yosh mutaxassislar ishga olinadi. Shuningdek, sohadagi 7000 nafar rahbar-xodimlarning malakasi oshiriladi.

Suv xo‘jaligidagi ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishga joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 2,2 baravar ko‘p yoki 2 mlrd. 200 mln. so‘m  mablag‘ ajratiladi. 2021-2022-yillarda ushbu raqamni 3,5 mlrd. so‘m va 2030-yilgacha 5,0 mlrd. so‘mgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Suv xo‘jaligini 2030-yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasi

 Prezidentimizning Murojaatnomasida Suv xo‘jaligini 2030-yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasi loyihasini joriy yil 1-aprelga qadar tasdiqlash uchun kiritish vazifasi belgilangan.

Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining grant mablag‘lari hisobiga xalqaro ekspertlar hamda suv xo‘jaligi sohasi uchun istiqbolni belgilovchi hujjatlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan Avstraliyaning “Aither” kompaniyasi mutaxassislarini jalb qilgan holda hujjat loyihasi tayyorlandi.

Xabaringiz bor, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini 2020-2030-yillarda rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Kontseptsiya loyihasidan:

- suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish;

- sohada avtomatlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish;

- irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash va betonlashtirish ishlarini amalga oshirish orqali ularning foydali ish koeffitsiyentlarini hozirgi 0,63 dan 0,73 gacha yetkazish, 1 million gektardan ortiq maydonlarning suv ta’minotini yaxshilash;

- melioratsiya ob'yektlarini qurish va rekonstruktsiya qilish, ta’mirlash-tiklash ishlarini bajarish evaziga sho‘rlangan maydonlarni har yili 1 foizga kamaytirish, shuningdek, 298,5 ming gektar foydalanishdan chiqqan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish;

- 2030-yilgacha xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan nasos agregatlari va dvigatellarni energotejamkorlariga almashtirish hamda nasos stantsiyalarini energotejovchi qurilmalar bilan jihozlash hisobiga elektr energiyasi iste’molini hozirgi 8,0 mlrd. kVt. soatdan 6,0 mlrd. kVt. soatgacha qisqartirish;

- sohada bozor iqtisodiyoti tamoyillarni rivojlantirish, shuningdek, 50 ta suv xo‘jaligi ob'yektini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish vazifalari o‘rin oladi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillaridan tushgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Поделиться