O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yapon olimlari Xiva tarixiy madaniy yodgorliklarini o‘rganishmoqda
2020-02-19 | Madaniyat
Tarixiy me’moriy yodgorliklarni saqlash, ta’mirlash va muzeyshunoslik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha Xiva “Ichan-qala” davlat muzey-qo‘riqxonasi jamoasi va yaponiyalik olimlar hamda mutaxassislar hamkorligi yil sayin mustahkamlanmoqda.
Yaqinda Yaponiyadagi Tokio va Kioto xorijiy tillar universitetlari professor o‘qituvchilari, tadqiqotchi olimlari - Xiroshi Minati, Kitura Satoru, Horikava Toru va Maksumoto Takuyaning Xivaga tashrifi ham ana shu maqsadga qaratildi.
Muzey-qo‘riqxona mutassislari va yaponiyalik olimlar hududdagi tarixiy memoriy yodgorliklarni asrash hamda tamirlashda tashqi tabiiy tasir - yer osti va yer usti namlik, sho‘rlanish ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazmoqda.
Shu maqsadda Kalta minora, Juma machiti, Pahlavon Mahmud maqbarasi va boshqa shu kabi yodgorliklar devorlariga xorijdan keltirilgan namlik tasirini nazorat qilib boruvchi eng zamonaviy uskunalar - termogidronometrlar o‘rnatildi.
Tadqiqot natijalari ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish, muzey-qo‘riqxona faoliyatini yaxshilash, binobarin vohada turizm imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.