Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senat xalqaro konferentsiyasining birinchi sessiyasida so‘zga chiqdi.
U har qanday iqtisodiy, ijtimoiy, umuman birorta sohada qonun ustuvorligisiz natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi va o‘z nutqida korruptsiya bilan bog‘liq masalalarga to‘xtaldi.
«Jamiyatimizni yemirayotgan narsalardan biri - korruptsiya. Bu bo‘yicha yangi organ tuzilishi ko‘zda tutilyapti.
Bizni rivojlantiradigan narsa - institutlar. Shaxsga bog‘lanmaydigan, ko‘rinmaydigan, bir-biri o‘rtasidagi munosabatlar qonun bilan tartibga solinadigan institutlar O‘zbekistonni rivojlantiradi», - dedi Davletov.
U yaqinda O‘zbekistonda bo‘lgan saylovlardan keyin elektoratning orzulari katta ekanligini aytdi.
«Hududiy vakillik organlaridagi shijoat biz kutgandek bo‘lmayapti. Deputat deganda xalqimiz bitta narsani tushunadi. Reglamentdagi narsalarni tushunmaydi. Deputatmi, xalq undan talab qiladi. Bu to‘g‘ri», - dedi Davletov.
Vazirning ta’kidlashicha, Adliya vazirligi tomonidan har bir deputat o‘z hududida qanday ish olib borishi kerakligi haqida qo‘llanma yaratilgan.