O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Energetika vazirligi tomonidan Vengriya delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi
2020-02-19 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi rahbariyati a’zolari 2020-yil 18-fevralida Vengriyaning tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Per Siyyarto boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda Vengriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Peter Santo ham ishtirok etdi.
Muzokaralar O‘zbekiston-Vengriya Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-majlisi doirasida o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonning yoqilg‘i-energetika kompleksiga oid istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zatom” agentligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov qayd etganidek, Energetika vazirligi yadroviy energetikani rivojlantirish sohasida Vengriya bilan hamkorlik qilish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega.
Xususan, 2018-yil noyabrida “O‘zatom” agentligining Vengriyaga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi, tashrif davomida Vengriya innovatsiyalar va texnologiyalar vazirligi rahbariyati a’zolari, Vengriya atom energetikasi regulyatori bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, shuningdek Rossiyada ishlab chiqarilgan VVER-1200 reaktorli ikkita energoblok negizida “Paksh-2” AES qurilishi tajribasi o‘rganildi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan “Paksh” AES Vengriya elektr energiyasining taxminan 40 foizini ishlab chiqaradi. Ushbu mamlakat YeI a’zolari o‘rtasida eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega. Qayd etilganidek, “Paksh-2” loyihasining amalga oshirilishi mamlakatda elektr energiyaga bo‘lgan talabning ortib borayotganligi bilan bog‘liq.
2018-yilgi safar davomida atom energetikasi ob'yektlari qurilishini moliyalash va qonunchilik bazasini yaratish masalalari o‘rganib chiqildi. Shuningdek Vengriyaning qayta tiklanuvchan energiya manbalarini, shuningdek quyosh energiyasi va biomassa asosidagi manbalarni rivojlantirish sohasidagi tajribasi ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Bugungi uchrashuvda Vengriya tomoni yadro energetikasi, shuningdek tabiiy gaz yetkazib berish masalalariga e’tibor qaratdi. Qayd etilganidek, Vengriya Iqlim bo‘yicha Parij bitimining a’zosi sifatida, atom energetikasisiz atmosferaga zararli chiqarish ko‘rsatkichlarini kamaytirishga erishib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.
Ta’kidlandiki, Vengriyada AES qurilishi haqidagi qaror iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlashni hisobga olgan holda qabul qilingan. Zero, atom energiyasi barqaror va raqobatbardosh qiymatga ega, bu esa iqtisodiyotning uzoq muddatli rivojlanishini rejalashtirishga muhim rol o‘ynadi.
Shu munosabat bilan, Vengriya tomoni shuni ta’kidladiki, O‘zbekistonning o‘z hududida yadro energetikasini rivojlantirish borasidagi tanlovi nihoyatda to‘g‘ri bo‘lgan.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha tomonlar umuman, tinch atomdan foydalanish, va xususan O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi sohasida hamkorlikni rivojlantirish haqida o‘zaro kelishuvga erishdi.
Vengriya tomoni O‘zbekiston uchun ajratiladigan stipendiyalar doirasida atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarni o‘qishga yuborish haqidagi taklifni ko‘rib chiqish fikrini ilgari surdi. Bunda Budapesht texnika universitetidagi yaxshi ta’lim dasturi va “Paksh” AES da amaliyotni o‘tkazish imkoniyati qayd qilindi.
Shuningdek mintaqaning gaz bozorini rivojlantirish masalalari va O‘zbekistonning ushbu sohadagi kelgusi rejalari muhokama qilindi.
Energetika vazirligi tomonidan energetika va neftgaz sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, tabiiy gaz negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Vengriya delegatsiyasiga may oyida Toshkentda an’anaviy Power Uzbekistan 2020 ko‘rgazma-konferentsiyasi o‘tkazilishi haqida ma’lumot berildi va ular energetika sohasidagi ushbu muhim anjumanga taklif qilindi.