O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rasman: Ogʼir atletika boʼyicha Osiyo chempionati Oʼzbekistonda oʼtkaziladi
2020-02-18 | Sport
Joriy yilning 16-25 aprel kunlari boʼlib oʼtadigan ogʼir atletika boʼyicha Osiyo chempionatiga Oʼzbekiston mezbonlik qiladi. Bu haqda Osiyo ogʼir atletika federatsiyasi maʼlum qildi.
Аslida bu turnir qoʼshni Qozogʼiston davlatida oʼtkazilishi belgilangan edi. Аmmo, Osiyo chempionati Xitoyda koronavirusning yangi turi tarqalishi sababli Qozogʼistondan Oʼzbekistonga koʼchirildi.
Osiyo ogʼir atletika federatsiyasining maxsus bayonotida maʼlum qilinishicha, xalqaro tashkilot musobaqani Qozogʼiston hukumati Xitoy bilan chegaradosh mamlakatlardan boʼlgan yoʼlovchilarning harakatiga cheklovlar kiritgani sababli boshqa joyda oʼtkazishga qaror qilgan.
“Osiyo ogʼir atletika federatsiyasi ijroiya qoʼmitasi hozirgi vaziyatni zudlik bilan muhokama qildi va Osiyo chempionatini Oʼzbekistonga koʼchirish toʼgʼrisidagi qarorga keldi”, deyiladi bayonotda.
Maʼlumot uchun, oldinroq, 9-12 fevral kunlari “Oʼzbekiston” sport majmuasida ogʼir atletika boʼyicha Xalqaro birdamlik musobaqasi muvaffaqiyatli oʼtkazildi. Shuningdek, ayni kunlarda ogʼir atletika boʼyicha oʼsmirlar va yoshlar oʼrtasida Osiyo chempionati mamlakatimizda davom etmoqda.