O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Internet xizmatlariga ulanish uchun arizalarni endi onlayn topshirish mumkin
2020-02-18 | Texnologiyalar
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tizimdagi korxonalar ish samaradorligi, aholiga qulay va sifatli xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki, raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi, odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkin.
Endilikda yurtimiz aholisi keng polosali aloqa xizmatlariga ulanish uchun “O‘zbektelekom” AKning sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislariga tashrif buyurmay onlayn tarzda ariza berishlari mumkin. Keng polosali aloqa xizmatlariga ulanish uchun murojaat qiluvchi muayyan mijozlarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida, arizalar bevosita “1084” qisqa raqami bo‘yicha Axborot markaziga qo‘ng‘iroq qilish, shuningdek Kompaniya rasmiy saytining “Onlayn dastur” bo‘limi orqali qabul qilinadi.
“O‘zbektelekom” AKning hududiy bo‘linmalari Axborot markazidan arizalar qabul qilingan kundan boshlab telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha Shartnomani bajarish uchun 1 ish kunidan kechiktirmasdan joylarga chiqqan holda xizmatga ulanishni tashkil etishga buyurtma beradilar.
Mijozlarga xizmat ko‘rsatishda “O‘zbektelekom” AK aloqa xizmatlariga ulanish uchun ariza berishdan boshlab mijozlarga yo‘naltirilgan o‘z yondashuvini namoyon etmoqda.
Ishonchli, yuqori tezlikdagi Internet, qulay va arzon tariflar, onlayn ariza berish-bularning barchasi aholining axborot texnologiyalaridan unumli va mazmunli foydalanishlarini ta’minlashga qaratilgan.
“O‘zbektelekom” kompaniyasi yurtimiz aholisiga “Biz bilan qulay bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz!” shiori ostida xizmat ko‘rsatmoqda.