O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eron Elchisi bilan uchrashuv
2020-02-18 | Siyosat
2020-yilning 17-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Eron Islom Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Hamid Nayirobodiy bilan uchrashdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi hamda Afg‘oniston muammosini hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash mavzulari muhokama etildi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida turli darajalardagi muloqotlar faollashganini ijobiy baholab, o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Eron mintaqaviy masalalar, xususan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha o‘xshash mavqe egallaganiga urg‘u berilib, mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.