O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bishkek shahrida brifing o‘tkazdi
2020-02-18 | Siyosat
2020-yil 17-fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov mamlakatimizning Bishkek shahridagi Elchixonasining majlislar zalida ommaviy axborot vositalari va Qirg‘izistonning ekspert-siyosatshunoslar hamjamiyati uchun brifing o‘tkazdi.
Tadbir davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasining asosiy bandlari to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumot berildi. Mazkur Murojaatnomada 2020-yilni “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilish taklif etilgan edi. 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilgan keng qamrovli islohotlarni davom ettirish, mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi mamlakatimiz rahbariyatining tashabbuslari alohida ta’kidlandi.
Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universiteti Siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti Nargiza Murataliyeva davlatimiz rahbari Murojaatnomasining mazmunini yuqori baholab, O‘zbekiston rahbarining ushbu murojaati nafaqat hokimiyatning barcha tarmoqlari, balki jamiyat va hukumat o‘rtasidagi aloqalarni ham mustahkamlayotganini ta’kidladi. Ekspert qayd etganidek, aniq maqsad va vazifalarini strategik ko‘ra olgan davlatlargina izchil va barqaror rivojlanishga da’vo qilishi mumkin. Ekspert O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulot, eksport va sayyohlar oqimining ortishi kabi iqtisodiy sohadagi yutuqlariga batafsil to‘xtaldi. Britaniyaning “Economist” jurnalining O‘zbekistonni “yil mamlakati” deya e’tirof etish to‘g‘risidagi qaroriga alohida urg‘u berildi.
Qirg‘iziston Tashqi aloqalar va xavfsizlik kengashi ijrochi direktori Almaz Tajibay O‘zbekiston rahbarining so‘zlari va amali bir-biriga zid emasligini qayd etdi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashning asosiy kafolati bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va donoligi tufayli bugungi kunda O‘zbekiston ko‘p qirrali tashqi siyosatni samarali amalga oshirmoqda, o‘z suverenitetini saqlab dunyoning yirik markazlari bilan muvozanatli muloqat olib bormoqda. Ekspertning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini rivojlantirishda lokomotiv vazifasini bajaryapti va tashqi kuchlarning aralashuvisiz barcha qo‘shni davlatlarni birlashtirishga qodir.
Brifing ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligi, inson huquqlari, so‘z erkinligi, tuman va viloyat rahbarlarining mahalliy Kengashlar oldida hisobdorligini ta’minlash borasidagi tashabbuslari alohida e’tiborga loyiqligini ta’kidladilar.
Brifing davomida jurnalistlar va ekspertlarning O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari va umuman O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosati bilan bog‘liq savollariga javob berildi.