O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2019-yilda tizimga ajratilgan byudjet mablag‘lari samarali va maqsadli sarflandi

2020-02-17 | Sog‘liqni saqlash

O‘tgan 2019-yil mamlakatimiz tibbiyot tizimi bo‘yicha qabul qilingan Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining markazlashtirilgan tadbirlar xarajatlar smetasiga jami 282,3 milliard so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan edi.

Tabiiyki, bu byudjet mablag‘lari yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch va tez tibbiy xizmat, onkologiya, endokrinologiya, qon xizmati kabi ko‘plab yo‘nalishdagi davolash muassasalarini dori vositalari, reaktiv va reagentlar, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun yo‘naltirildi.

- So‘nggi yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida davlat mablag‘laridan tug‘ri, oqilona va samarali foydanishning eng shaffof va ochiq tizimi yaratildi, deya qat’iy aytishimiz mumkin, - deydi vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Behzod Ergashev. - Buning uchun, eng avvalo, xarid jarayonlarini xolis va ochiq o‘tkazish uchun texnik topshiriqlarni xalqaro tajribadan kelib chiqib, har bir tender hujjatlari sifatli va o‘z muddatida tayyorlandi. Navbatdagi bosqichda esa tender savdolarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida tanlovda faqat sanoqli ishtirokchilarni emas, balki dunyo miqyosidagi eng nufuzli kompaniyalar ishtirokini ta’minlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratildi. Byurokratik to‘siqlar to‘liq bartaraf etildi. Bu kabi ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilda markazlashtirilgan tadbirlar doirasida 47,9 milliard so‘m byudjet mablag‘ini tejab, undan yana qayta samarali foydalanish choralari ko‘rildi.

Shu o‘rinda tejalgan ushbu mablag‘ qanday maqsadlarga ishlatildi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aytish kerakki, bu mablag‘lar hayotiy zurur, kechiktirib bo‘lmas yo‘nalishlarga, jumladan, eshitishi zaif bo‘lgan yosh bolalar uchun koxlear implantantlari, antiretrovirus preparatlari, gemodializ apparatlarining butlovchi qismlari va gemofiliya kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun dori vositalarini yana qo‘shimcha ravishda xarid qilishga yo‘naltirildi. Shu tariqa qator kasalliklar davosi uchun zarur bo‘lgan dori ta’minoti yuz foizga yetkazilib, ko‘plab bemorlarning o‘z vaqtida shifo topib, sog‘ayishiga erishildi.Bundan tashqari, birinchi marta vazirlik tomonidan markazlashgan mablag‘lar hisobidan diabet kasalligiga chalingan bemorlar uchun insulin preparatlari bilan ta’minlash ham yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, ushbu byudjet mablag‘lari hisobidan sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan 300 nafarga yaqin tibbiyot xodimlarini ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida rivojlangan davlatlarda malaka oshirganliklari ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki , o‘tgan yili Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jami 8 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 94 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirildi.

- Investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini yaxshilash maqsadida bir qator yangiliklar kiritildi, - deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Jamshid Rahmonov. - Jumladan, ushbu loyihalar bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash hisobiga tanlov ishtirokchilar sonining ko‘payishiga erishildi. Va, bu jarayonda tajribali xorijiy ekspertlarining tavsiyalari ham hisobga olinganligi muhim o‘rin tutdi. Bundan tashqari, Yevropa, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning taniqli ishlab chiqaruvchilari hamda ularning distribyuterlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatildi.

Natijada, narxi juda qimmat deb hisoblangan yuqori sifatga ega, zamonaviy texnologiyaga asoslangan tibbiy asbob-uskunalar eng maqbul narxlarda xarid qilindi. 2019-yilning o‘zida yurtimizning qator davolash muassasalari AQShning “General Electric” kompaniyasining magnit rezonansli tomograflari va ultratovushli tekshiruv uskunalari, Germaniyaning “Siemens” kompaniyasining angiograflari, Yaponiyaning “Shimadzu” kompaniyasining rentgen aparatlari bilan jihozlandi.

Eng muhimi, o‘tgan yilda sog‘liqni saqlash sohasidagi investitsiya loyihalari bo‘yicha 22,9 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ iqtisod qilindi. Ayni paytda ushbu mablag‘larni soha rivoji uchun kerakli bo‘lgan yangi, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni xarid qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

- 2019-yilda faqat Investitsiya loyihalari doirasida emas, balki davlat byudjetidan ajratilgan 25,9 million AQSh dollari mablag‘i evaziga ham tibbiy asbob-uskuna, jihozlar va sarflov vositalari xarid qilindi, - deya so‘zida davom etdi J. Rahmonov. - O‘tkazilgan xarid jarayonlari natijalariga ko‘ra, yana 4 million AQSh dollari tejalishiga erishildi. Tabiiyki, iqtisod qilingan mablag‘ga ham qo‘shimcha ravishda tibbiy asbob-uskuna va tibbiy jihozlar xarid qilinmoqda.

Поделиться