O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Polsha Respublikasi bosh mehnat inspektori bilan muzokaralar olib bordi
2020-02-17 | Jamiyat
2020-yil 13-fevral kuni Varshava shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov Polsha Respublikasi bosh mehnat inspektori V.Lishek bilan uchrashdi.
Muzokaralar jarayonida Polsha hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish, shuningdek, Polsha hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish tartibini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakat Mehnat inspektsiyalari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish va O‘zbekiston Respublikasida mehnat qonunchiligiga rioya qilishni nazorat tizimiga zamonaviy tajribani joriy qilish maqsadida hamkorlik qilishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasining mehnat salohiyati, respublikaning demografik tendentsiyasi, mehnat bozorining hozirgi holati, ishchi kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Muzokara yakunida Polsha Mehnat inspektsiyasi mehnat munosabatlari qonunchiligi buzilishi holatlari bo‘yicha o‘zbekistonlik fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan taqdirda ularning mehnat huquqlarini himoya qilishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.