O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Polsha Respublikasi Oila, mehnat va ijtimoiy siyosat vaziri bilan muzokaralar olib bordi
2020-02-17 | Jamiyat
2020 yilning 13 fevral kuni Varshava shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov Polsha Respublikasi Oila, mehnat va ijtimoiy siyosat vaziri M.Malag bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida M.Malag Polsha Respublikasidagi demografik holat, bandlik darajasi, mamlakat rivojlanish ko‘rsatkichlari, ishsizlik darajasini kamaytirish tendentsiyalari va aholi uchun yaratilayotgan ijtimoiy dasturlar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston tomoni O‘zbekiston Respublikasining ishchi kuchi salohiyati, respublikaning demografik tendentsiyasi, mehnat bozorining hozirgi holati, ishchi kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash yuzasidan mavjud imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil taqdimot o‘tkazdi.
Shuningdek, N.Xusanov O‘zbekiston fuqarolarini Polsha Respublikasiga noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish uchun O‘zbekistonni Polsha mehnat bozorida ishtirok etishda yengillashtirilgan imkoniyatlar berilgan davlatlar ro‘yxatiga kiritish orqali, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish maqsadida Hukumatlararo bitim imzolash taklifini berdi.
O‘z navbatida, M.Malag Polsha Hukumati xorijiy mamlakatlar, xususan O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb qilishga qiziqish bilan qarayotganini alohida ta’kidlab, bugungi kunda Polsha Parlamenti tomonidan migratsiya siyosatini tartibga soluvchi qonun hujjati loyihasi muhokama qilinayotganligini, ushbu uchrashuv ayni vaqtda o‘tkazilayotganligini bildirdi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan berilgan takliflar tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi tizimini joriy etishda asos bo‘lib xizmat qilishini ko‘rsatib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu masala O‘zbekiston va Polsha Respublikalari o‘rtasida ilk bor muhokama etildi.