O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
XTV va ETS oʻquvchi hamda oʻqituvchilar bilimini baholash uchun mustaqil tizim yaratish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda
2020-02-14 | Ta’lim
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi hamda Amerikaning ETS kompaniyasi oʻquvchi va oʻqituvchilar bilimini baholash uchun mustaqil organ yaratish maqsadida hamkorlik imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda.
Joriy yilning 13-fevral kuni Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ETS delegatsiyasini qabul qildi. Delegatsiya aʼzolari ETS Global strategiyasi va rivojlanishi boʻyicha ijrochi direktori Gerben van Lent va ETS Globalning mintaqaviy direktori Anna Gutkovska-Zayesdan iborat.
Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi va ETS oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildi.
Xususan, loyihada oʻquvchi va oʻqituvchilar bilimini baholash uchun mustaqil tizim tuzish boʻyicha Amerika tomonining ishtirok etishi masalalari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoʻllagan murojaatida yurtimizda pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega boʻlgan, oʻz ishida aniq natijalarga erishgan oʻqituvchilarga yuqori maosh toʻlash tizimini joriy etilishini qayd etdi.
Oʻqituvchilar malakasi va bilimini baholash uchun maxsus mustaqil tizim tashkil etilishi bilan oʻqituvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimi ham yaratiladi.
Xalq taʼlimi vazirligi ushbu loyihada ilgʻor tajribalarni oʻrganish, oʻqituvchi hamda oʻquvchilarning bilim va malakalarini baholashning shaffof mexanizmini yaratish uchun chet ellik hamkorlarni jalb etish boʻyicha ish olib bormoqda.
Muzokaralar davomida Sherzod Shermatov Oʻzbekistonda hanuzgacha oʻqituvchi va oʻquvchilar bilimini, shuningdek, taʼlim sifatini baholash mexanizmlari mavjud emasligini taʼkidladi. Yangi tizimni yaratish bunday mexanizmni shakllantirishdagi birinchi qadam boʻlib, maktablarda taʼlim sifatini obyektiv baholash, shuningdek, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda zarur choralarni koʻrish imkonini beradi.
Uning soʻzlariga koʻra, yuqori malakali oʻqituvchilar boshqa hamkasblariga qaraganda biroz koʻproq maosh olishi kerak. Shuningdek, yangi tizim oʻqituvchilarni doimiy ravishda oʻz ustida ishlashga, bilim va pedagogik mahoratini oshirishga turtki beradi.
Amerika tomoni ETS bunday markazlarni tashkil etish va oʻqituvchilarning malakasini baholash uchun imtihonlar oʻtkazish tajribasiga ega ekanligini taʼkidladi. AQSHda, xususan, oʻqituvchilar uchun PRAXIS imtihonlari oʻtkaziladi.
Uchrashuv davomida tomonlar oʻquvchi va oʻqituvchilar bilimini baholash tizimini yaratish boʻyicha hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qildi.
Educational Testing Service (ETS) — bu nodavlat va notijorat tizim boʻlib, u taʼlim sohasida sinov va baholashni amalga oshiradi. ETS standart testlarni ishlab chiqadi va TOEFL, TOEIC, GRE, HiSET, PRAXIS va boshqalarni sinovdan oʻtkazadi.
Testdan tashqari ETS oʻquv tadqiqotlarini olib boradi va oʻqituvchilarni sertifikatlash, ingliz tilini oʻrganish, boshlangʻich va oʻrta maktab hamda oʻrta maktabdan keyingi taʼlim uchun koʻplab shaxsiy xizmatlarni va mahsulotlarni ishlab chiqadi.