O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Oroldagi bogʻim” agro va ekoturizm loyihasi amalga oshiriladi
2020-02-14 | Fan
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” prezident qarori 2020-yilning 12-fevralida qabul qilindi.
Hujjatga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda sayyohlar sonini koʻpaytirishga qaratilgan “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bogʻim”) agro va ekoturizm loyihasini amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida 20,3 gektar maydonda “Moʻynoq” tajriba-sinov maydoni, Nukus tumanida 20 gektar maydonda “Samanboy” tajriba-sinov maydoni tashkil etilgan, shoʻrlanish va qurgʻoqchilikka chidamli choʻl va manzarali oʻsimliklar genofondi shakllantirilib, unda 13 turdagi oʻsimlik dunyosi obyektlari sinovdan oʻtkazilmoqda.
Xalqaro innovatsiya markazining ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, shu bilan birga zarur sarflanadigan materiallar va butlovchi buyumlar bilan uzluksiz ravishda taʼminlash, shuningdek, “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bogʻim”) agro va ekoturizm loyihasini amalga oshirish boʻyicha xarajatlar Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Qaror bilan Xalqaro innovatsiya markazi direktoriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda Xalqaro innovatsiya markazining ijro apparati tuzilmasiga Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish huquqi berildi.
Hujjatga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abdurahmonov Orolboʻyi hududida innovatsion va ilmiy ishlanmalarni keng joriy etish, Xalqaro innovatsiya markazining innovatsion va ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish, hamda qaror ijrosi boʻyicha 2020-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yakuniy axborot kiritish vazifasi yuklatildi.