O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiyaning ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
2020-02-14 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 12-fevral kuni vazirliklar, tarmoq idoralari va milliy xolding kompaniyalarning rahbarlaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Turkiya Respublikasiga ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya rahbari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va kimyo sanoati, mineral resurslar va metallarni geologiya-qidiruv va qazib olish, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, o‘y-joy qurilishi, maxsus sanoat zonalar menejmenti, avtomobilsozlik, sog‘liqni saqlash, talim, mehmonxona biznesi va turizm sohasidagi Turkiyaning Acibadem, Baycar, Dunyagoz, Vestel, Eczacibasi, Azom Enerji, Tekfen Holding, Esan, Gebze, Coskinoz Holding, Kani-Med, Sahlanlar Gida, Yenigun Holding, ILCI Holding kabi eng yirik kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Har bir tadbirkor bilan alohida o‘tkazilgan uchrashuv davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilgan holda yirik va iqtisodiy samarali loyihalarni amalga oshirish va savdo bitimlarini tuzish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Turkiyaning biznes vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunida aniq kelishuvlarga erishish uchun hamkorlikning mavjud imkoniyatlarini chuqur o‘rganish bo‘yicha kelgusidagi harakatlar algoritmi belgilandi va ayrim rahbarlar bilan istiqbolli loyihalar va tashabbuslar doirasida aniq muzokaralar o‘tkazish uchun ularning O‘zbekistonga tashrif buyurishi to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.