O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar
2020-02-13 | Jamiyat
Joriy yilning 12-fevral kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurib, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar: yoshlarning ma’naviy va ma’rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish - birinchi darajali vazifamiz” mavzusida seminar o‘tkazdi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24-yanvar kuni Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida nafaqat joriy “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshiriladigan ishlar, balki keyingi 5 yil davomida bajarilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalarni belgilab berdi. Ushbu murojaatnomada o‘g‘il-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga oid davlat siyosatini uzluksiz amalga oshirish, ularni ilm-ma’rifat va sportga keng jalb qilish kabi masalalar eng asosiy va ustuvor vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi.
Seminarda Qo‘mita raisi, professor-o‘qituvchilar, talabalar, doktorantlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Seminar davomida nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini optimallashtirish, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash bo‘yicha yagona ko‘rsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksini joriy etish, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi kabi masalalar mutaxassislar tomonidan atroflicha muhokama etildi hamda yoshlarning bu boradagi fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.
Bu kabi seminarlar yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirishga hamda ma’naviy saviyasini oshirishga xizmat qiladi.
Seminar yakunida institut rektori, professor Ibrohim Yuldashev Baxtiyor Sayfullayevga cheksiz minnatdorchilik izhor etib, talaba-yoshlarning yutuqlari, o‘zgacha g‘ayrati va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ulkan maqsadlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Bugun yangi O‘zbekistonimizda san’at, madaniyat, ma’rifat kabi sohalarga katta e’tibor berilayotgan bir davrda parlament vakillarining oliy ta’lim muassasalariga tashrif buyurishlari ulkan tarixiy voqea bo‘lib qoladi hamda kelajakda albatta o‘z samarasini beradi.