O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida deputatlar, senatorlar, bank xodimlari va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
2020-02-13 | Ta’lim
2020-yil 12-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Yangi O‘zbekistonning bank tizimi uchun yangi kadrlar” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Markaziy bank hamda aktsiyadorlik tijorat banklarining kadrlar bilan ishlash bo‘yicha boshliqlarining talaba-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olganlar Oliy Majlisga yo‘llangan Prezident murojaatnomasida bank tizimi raqamli texnologiyalarni qo‘llash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy ta’minotlar bo‘yicha zamon talablaridan 10-15 yil orqada qolayotgani, soha uchun tayyorlanayotgan kadrlarning bugungi kun talablariga mutloqo javob bermasligi haqida tanqidiy fikrlar bildirib o‘tilganini aytib o‘tdilar.
Shundan kelib chiqib, banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etishga qodir salohiyatli mutaxassislarni yetkazib berishda oliy ta’lim muassasalari bilan bevosita amaliy hamkorlikni yangi bosqichga chiqarish bo‘yicha fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi. Jumladan, banklar o‘z kadrlar siyosati va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasining o‘quv-uslubiy ta’minotini sifat jihatidan yaxshilash borasida bank sohasidagi so‘ngi o‘zgarish va joriy etilayotgan dunyo standartlari asosida nazariyotchi pedagoglar bilan amaliy ish olib borish maqsadga muvofiq ekanligi aytib o‘tildi. Dars mashg‘ulotlarini sohadagi bugungi islohotlar jarayoniga monandligini ta’minlash maqsadida sohaning malakali mutaxassislarini bu jarayonga jalb etish zarur.
Aytib o‘tildiki, banklarning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish avvalo sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar malakasini oshirish, sohadagi ilmiy yangiliklar bilan ham ularni tanishtirib borishda olimlarning ishtirokini kuchaytirish zarur.
Shuningdek, olimlar, soha mutaxassislari, tadbirkorlar va talabalar ishtirokida biznes loyihalarni iqtisodiy tahlil qiladigan muammoli tadqiqot laboratoriyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish sohani rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Aholida bank tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirish va banklar faoliyatiga chetdan aralashish holatlariga chek qo‘yishga qaratilgan qonuniy asoslarni mustahkamlash va uning ijrosini nazorat qilish borasidagi fikr-mulohazalar ham qizg‘in muhokama qilindi.
P/S. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Bank ishi” ta’lim yo‘nalishining bakalavr bosqichida 88 nafar bitiruvchi, shundan 70 nafari ishga joylashgan. Shulardan 47 nafari, ya’ni 67 foizi bank tizimida faoliyat ko‘rsatmoqda. “Bank ishi” mutaxassisligi bo‘yicha Magistratura bosqichini 39 nafar talaba tamomlagan. Ulardan 30 nafari ishga joylashgan bo‘lib, 25 nafari bank tizimida mehnat faoliyatini olib bormoqda.