Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida Chirchiq shahrini markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Turkiyaning “Mimsan Endustri Kazanlari Sanayi ve Ticaret A.S.” Kompaniyasi hamda Chirchiq shahar “Issiqlik ta’minoti” DUK o‘rtasida bitimi imzolandi.
Mazkur bitim Jahon banki kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (Sergeli tumani TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida imzolangan birinchi bitim bo‘ldi.
Chirchiq shahrida loyihaning dastlabki bosqichini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tender savdolarida Turkiyaning “Mimsan Endustri Kazanlari Sanayi ve Ticaret A.S.”. kompaniyasi pudratchi sifatida g‘olib deb topildi. Umumiy qiymati 4,89 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan ushbu loyiha doirasida Chirchiq shahrining “Yubileynaya” qozonxonasida va issiqlik tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari ushbu kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.
Bu haqda shunday deydi:
–Chirchiq shahrida har biri 25 MVt quvvatga ega, umumiy quvvati 75 MVt bo‘lgan 3 ta issiqlik qozonlarini o‘rnatish, 2 km bo‘lgan issiqlik uzatish quvurlarini almashtirish va 15 komplekt individual issiqlik punktlari o‘rnatish ko‘zda tutilgan, – dedi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish loyiha direktori Samandar Karaev. – Shartnomaga asosan kompaniya tomonidan qurilish-montaj ishlari joriy yilning fevral oyidan boshlanib 2021 yil yakuniga qadar yakunlanadi.
Buning natijasida 14 ta ko‘p kvartirali uylardagi 812 ta xonadon va 3 ta ijtimoiy soha ob’ektlari uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.
Shu bilan birga loyihaning keyingi bosqichlarida (2021-2023 yil) 19,3 km. issiqlik tarmoqlarini qurish, 184 ta komplekt individual issiqlik punktlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida hududdagi 161 ta ko‘p kvartirali uylar va 14 ta ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Bugungi kunda loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish uchun xalqaro tender savdolariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Loyiha doirasida foydali ish koeffitsenti 92 foizdan yuqori bo‘lgan zamonaviy energiya va gazni tejovchi qozon uskunalarini hamda atrof muhitni ifloslanishining oldini oluvchi filtr uskunalarini o‘rnatish natijasida tabiiy gaz va elektr energiyasini tejashga, atrof muhit ifloslanishini oldini olishga erishiladi.