O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yo‘l belgilarini chizishga mo‘ljallangan bo‘yoqlarni ishlab chiqaruvchi yapon kompaniyalari bilan uchrashuv
2020-02-12 | Jamiyat
11-fevral kuni poytaxt ma’muriyatida Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayevning Atomix, Mitsui &Co., Ltd. va Mitsui Bussan Chemicals kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Taraflar o‘zaro hamkorlik, xususan, avtomobil yo‘llari yuzasiga belgi tushirish uchun qo‘llaniluvchi ilg‘or vositalarni ishlab chiqarish bo‘yicha yapon kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan loyiha istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitini inobatga olgan holda, hokim yuqori sifatli bo‘yoqlarni ishlab chiqish va kelgusida ularning Toshkentda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida, Atomix kompaniyasining marketing va sotuvlar bo‘yicha bosh menedjeri Xideki Oda o‘tgan yili yo‘l qoplamasiga tushiriladigan belgilar uchun bo‘yoqlarni sinovdan o‘tkazganda, O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, maxsus formulali bo‘yoqlarni ishlab chiqish zaruriyati aniqlanganligini ta’kidladi.
- Yaponiyaga qaytib, biz mintaqangiz xususiyatidan kelib chiqqan holda uchta yangi formula ishlab chiqdik. Ayni vaqtda shulardan eng samaralisini sifatli va chidamli mahsulot olish uchun qo‘llamoqchimiz, - deya so‘ziga yakun yasadi mutaxassis.