O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublikamizda ilk marotaba tik quduqlarni “onlayn rejim”da masofadan boshqarish joriy etildi
2020-02-12 | Innovatsiya
Farg‘ona viloyatida respublikamizda ilk marotaba tik quduqlarni “onlayn rejim”da masofadan boshqarish joriy etildi. O‘rnatilgan avtomat qurilmalar elektr energiyasini tejash, avariya holatlarini oldindan aniqlash, begona shaxslar tomonidan quduqdagi nasosning yoqib-o‘chirilishiga chek qo‘yish, yog‘ingarchilik sharoitida ham xodimlarning ortiqcha vaqt sarfini va suv behuda isrof bo‘lishini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, dispetcher xonasidan bir vaqtning o‘zida bir nechta tik sug‘orish quduqlarini boshqarish imkonini beradi.
Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stantsiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli, Farg‘ona tumanining “Oqbilol” hududida joylashgan №314-sonli tik suv chiqarish qudug‘i 5 ta fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadi. Ilgari ushbu quduqdan suv oluvchi eng oxirgi dala maydoniga obi-hayot to‘rt-to‘rt yarim soatda yetib borgan. Ya’ni, ariq to‘lgunga qadar shuncha vaqt davomida elektr energiyasi sarflangan. Shu bilan birga, yer ostidan tortib chiqarilgan suvning qariyb yarmi ekinlargacha yetib borgan xolos.
Sug‘orish qudug‘iga 160 diametrli polietilen quvurdan 500 metr tortilib, 5 ta fermer xo‘jaligining har biriga bittadan suv quloqlari (zadvijka) o‘rnatilganidan so‘ng, suv 4 daqiqa ichida bir tomchi ham yo‘qolmasdan oxirgi dala maydoniga yetib boradigan bo‘ldi.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, shu quduqqa o‘rnatilgan nasos soatiga 45 kVt (kilovat) yoki 20250 so‘m mablag‘ sarflayotgan bo‘lsa, 4 soatda bu ko‘rsatkich 180 kVt yoki 81 ming so‘mni tashkil etadi. Endilikda har sug‘orish chog‘ida 4 soat ariq to‘lg‘azishga ketgan elektr energiyasi yoki 81 ming so‘m miqdoridagi davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilinmoqda. Umuman olganda, ilgarigiga nisbatan elektr energiyasini 15 foiz tejash va suv yo‘qotilishini 50 foiz kamaytirishga erishildi.
5 ta fermer xo‘jaligining 31,5 gektar maydoniga polietilen quvur va 5 dona suv quloqlari (zadvijka) o‘rnatish xarajatlari esa 25,0 million so‘mni tashkil etdi.
Hozirgi kunda 27 ta tik quduqda bu yangilik joriy qilingan bo‘lib, birinchi chorak davomida ular sonini 45 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Hamidjon BURHONOV,
Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizmlari havza boshqarmasi
Matbuot kotibi