O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Oltin halqa” sayyohlik yo‘nalishi bo‘ylab sayohat

2020-02-12 | Turizm

Toshkent viloyati turizm yo‘nalishlari bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Mamlakatimizda sohani jadal rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli viloyatda turizmning eko, ekstremal va tog‘, agro, ziyorat, sanoat va boshqa turlari jadal rivojlanmoqda.

Ayni paytda viloyatda turizm infratuzilmasini yanada yaxshilash, sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, ularga har tomonlama qulay sharoit yaratish borasida tizimli ishlar bajarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi “2019-2021 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
 
Mazkur hujjat bilan Toshkent viloyatining 7 ta hududi – Bo‘stonliq, Ohangaron, Parkent, Bo‘ka, Chinoz va Zangiota tumanlari hamda Angren shahrida turizmni “Oltin halqa” konsepsiyasi asosida rivojlantirish belgilandi. Konsepsiya doirasida har bir hududning o‘ziga xos turistik salohiyatidan kelib chiqib, ma’lum bir turistik yo‘nalish rivojlantiriladi va bu orqali viloyatning turizm yo‘nalishi xilma-xilligi oshiriladi.
 
Ma’lumotlarga ko‘ra, 350 kilometrdan ortiq uzunlikdagi “Oltin halqa” yo‘li bo‘ylab 2020-2021 yillarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 638 milliard so‘m bo‘lgan 40 ta yangi mehmonxona barpo etiladi. 420 ta mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida yo‘l bo‘ylab “Oltin halqa” yo‘l belgilari o‘rnatilib, yo‘llar ta’mirlanadi. Bepul internet tarmog‘i va biohojatxonalar tashkil etiladi. Shuningdek, Angren shahridan Parkent tumaniga kelgusida tog‘ yo‘li bo‘ylab yangi yo‘l qurish ham rejalashtirilgan.
 
Toshkent viloyatining “Oltin halqa” turistik yo‘nalishi bo‘ylab tashkil etilgan ilk media-tur ishtirokchilariga shular haqida batafsil ma’lumot berildi.
 
Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan tashkil etilgan media-turda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘qituvchilari va talabalari, Zangiota tumanidagi 27-umumta’lim maktabi o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
 
Media-turda ishtirokchilar dastlab Zangiota tumanida bo‘lib, Zangiota ziyoratgohi va Anbar ona maqbarasini ziyorat qildi.
 
– Ziyoratgohimizga kuniga ming, dam olish kunlari esa 3-4 ming ziyoratchi keladi, – deydi “Vaqf” xayriya jamg‘armasi Zangiota ziyoratgohi filiali vakili Shermurod Tog‘ay. – “Oltin halqa” konsepsiyasi qabul qilingani va halqa bo‘ylab ilk sayohatga yoshlar chiqqani quvonarli. Boisi, ziyoratgohga keluvchilar, ayniqsa, yoshlarga diniy ulamolarimiz, ularning ilmi va islom dinida tutgan o‘rni, hayot yo‘li haqida ma’lumot berib, shu orqali ularning ma’naviyatini yuksaltirish borasidagi imkoniyatimizni yanada oshiradi.
 
“Oltin halqa” turistik yo‘nalishi bo‘ylab keyingi manzil Chinoz tumanidagi “Chinoz white fish” baliqchilik xo‘jaligi bo‘ldi. Bu yerda ishtirokchilar xo‘jalik faoliyati bilan tanishdi.
 
– Xo‘jaligimiz 2016 yilda tashkil etilgan bo‘lib, intensiv usulda baliq yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi, – deydi “Chinoz white fish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ma’ruf Mamatqulov. – Ayni paytda 14 gektarda baliqning sazan, amur, laqqa, sudak, afrika laqqasi kabi 10 dan ortiq turlari boqilmoqda. Faoliyatimiz intensiv usulda tashkil etilgani bois, MDH va boshqa qator davlatlardan hamkasblarimiz tajriba orttirishga kelib turadi. 6 sotixda qafas (sadok) usulida baliq parvarishlashni yo‘lga qo‘yganmiz. Shu yerdan 30 tonna baliq, boshqacha aytganda, 10 gektardan olish mumkin bo‘lgan hosil olinadi. Endi bu yerga sayyohlar kelishini o‘ylab, yanada quvonayapman. Chunki sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar kerak. Bu esa biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
 
Tadbir doirasida ishtirokchilar, shuningdek, Bo‘ka, Ohangaron va Parkent tumanlarida bo‘lib, ziyoratgoh, diqqatga sazovor turistik markazlar faoliyati bilan ham tanishdi.
 

Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA

Поделиться