O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hududlarda Senator xonalari tashkil etiladi
2020-02-12 | Jamiyat
Termizda Prezidentimizning Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisidagi nutqi va Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalarning ijrosiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Senati tomonidan tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyatidan saylangan senatorlar, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyat hokimining tegishli oʻrinbosarlari, aloqador idora va tashkilotlar rahbarlari hamda tuman studiyalarida hududlardan saylangan xalq deputatlari viloyat, Termiz shahar va tuman kengashlari deputatlari, shahar va tumanlar hokimlari, tegishli hokim oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyati hokimi birinchi oʻrinbosari R.Pardayev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidan Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan senator – Senatning byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari O. Iminov va boshqalar Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar mamlakatimizni har taraflama rivojlantirishda muhim omil boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi. Shunga muvofiq hududlarda keng qamrovli yangilanish va oʻzgarishlar yuz berayotgani qayd etildi.
Videoselektor shaklida tashkil etilgan yigʻilishda Murojaatnomada ilgari surilgan muhim gʻoyalarning mazmun-mohiyati slaydlar orqali tushuntirildi.
– Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga murojaatnomasida mahalliy kengashlar faoliyati talabga javob bermayotgani va aholi muammolarini hal etishda ularning oʻrni sezilmayotganini alohida qayd etib, bu borada bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarni ham belgilab berdi, – deydi Oliy Majlis Senati aʼzosi, Qiziriq tumanidagi 17- umumtaʼlim maktabi direktori B.Boʻtayeva.– Aslida Senat ham, mahalliy kengash ham vakillik organi sanaladi. Shu maʼnoda endi bizning asosiy ishlarimizdan biri mahalliy kengashlar faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashish boʻladi. Buning uchun hududlarda barcha sharoitlar yaratilib, senatorlar xonasi tashkil etildi.
Mamlakatimizda xalq deputatlari mahalliy kengashlarning obroʻini oshirib, nufuzini yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi uch yilda mahalliy kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, hokim oʻrinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq va sogʻliqni saqlash idoralari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyilgani ham bunga yaqqol dalildir. Joriy yildan boshlab Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligini, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy koʻmak koʻrsatish borasidagi faoliyatini yana-da kuchaytirish uchun doimiy asosda ishlaydigan senatorlar mahalliy kengashlarga biriktirilib, aholi uchun eng qulay hududlarda senatorlar va mahalliy kengash xonalari tashkil etilib, zamonaviy usulda jihozlandi.
– Bularning barchasi mahalliy kengashlarning vakolatlarini yana-da kengaytirish, nazorat faoliyatini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlar samarasidir, – deydi xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi deputati R.Avazov. – Ilgari shahar va tuman sessiyalari rasmiyatchilik uchun oʻtkazilib, tegishli masalalarni olib chiqish va muhokama qilishda deputatlar hamda doimiy komissiyalarning oʻrni umuman sezilmas edi. Mahalliy kengashlarda boshlangan bu oʻzgarishlar endilikda bunday holatlarga butunlay chek qoʻymoqda. Bugun barpo etilayotgan demokratik jamiyat deputatlardan yana-da tashabbuskor va fidoyi boʻlishni talab etayotir.
Yigʻilishda faoliyati namunali tuman kengashini tashkil etish, mahalliy kengashlardagi doimiy komissiyalar va deputatlarning vazifalari haqida ham atroflicha tushunchalar berildi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA