O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
SSP raisi Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashdi
2020-02-11 | Iqtisodiyot
11-fevral kuni Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromovning va Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari X.Voskanyan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida SSP rahbari Savdo-sanoat palatasining faoliyati shuningdek, O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlar va investorlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari X.Voskanyan O‘zbekistonga tashrifidan ko‘zlangan maqsad - kelgusi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish, qo‘shma tadbirlarni, shu jumladan Germaniya va O‘zbekiston Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillarining tashrifini tashkil etish ekanligini ta’kidladi.
Tomonlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanish tendentsiyalarini alohida qayd etishdi. Ta’kidlash kerakki, 2019 yilda o‘zaro tovar aylanmasi hajmi 980 million AQSh dollarini tashkil etdi va bu o‘tgan yil ko‘rsatkichlaridan 26 foizga ko‘payganini ko‘rsatadi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga davlat tashrifi arafasida, 2019-yil 14-yanvar kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya biznes-forumi natijalarini ham muhokama qildilar.
Bunday hamkorlik mamlakatlar va kompaniyalar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi. Markaziy Osiyodagi Germaniya iqtisodiyoti vakolatxonasining vakili O‘zbekistonning ulkan iqtisodiy salohiyati ikki mamlakat o‘rtasida yaqin aloqalarni rivojlantirishga asos bo‘lishini ta’kidladi. Tomonlar o‘z navbatida uchrashuv davomida, Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti vakolatxonasini ochish masalasini ham muhokama qilib, aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar.