O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Soliq organlarida korruptsiyaga yo‘l yo‘q
2020-02-11 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida korruptsiya illatining oldi olinmasa, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmasligi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmasligini ta’kidlagan edi.
Shundan kelib chiqib, davlat soliq organlarida korruptsiyaga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday targ‘ibot tadbirlaridan biri Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida o‘tkazildi.
“Soliq organlarida korruptsiyaga yo‘l yo‘q!” mavzusida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda tizim xodimlarini “halollik vaktsinasi” bilan emlash borasida qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Davlat soliq xizmati organlarida ushbu illatga boshlovchi salbiy omillarning oldini olish borasida hayotga tatbiq etilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
- Davlat soliq xizmati organlarida korruptsiyaning oldini olish juda muhim masala hisoblanadi, - deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi o‘z xavfsizligi bo‘limi xodimi Azizjon Tolliyev. - Chunki ushbu jinoyat soliqlardan qochish mexanizmiga keng yo‘l ochib, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlariga olib keladi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi O‘z xavfsizligi bo‘limi xodimlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning har qanday turiga qarshi kurashish borasida targ‘ibot tadbirlarini tizimli ravishda o‘tkazib kelmoqda. Shahar va tumanlar davlat soliq inspektsiyalarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda. Targ‘ibot tadbirlarida korruptsiyaning oldini olishga bag‘ishlangan videofilmlar namoyish qilinmoqda, poraxo‘rlikka sabab bo‘luvchi omillar atroflicha tahlil etilmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, taraqqiyotga tushov bo‘ladigan korruptsiyaga qarshi kurashishga barcha birdek mas’ul ekanini unutmasligi, ushbu jarayonda jamiyatning har bir qatlami faol bo‘lishi lozim. Zero, ogohlik va halollik, mas’uliyat va kasbga sadoqat ushbu jirkanch illatga qarshi kurashishda muhim mezon sanaladi.
Tadbirda korruptsiya domiga tushganlarni qanday ayanchli oqibatlar kutayotgani aks ettirilgan “Jamiyat tanasidagi qurt” nomli videolavha namoyish etildi.