O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijda ishlash tartibi qanday?
2020-02-11 | Jamiyat
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i B.Tursunov va boshqalar fuqarolarni xorijga qonuniy ishga yo‘naltirish, ularni huquqiy himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma'lumot berdi.
Ta'kidlanganidek so‘nggi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami ko‘rsatish va moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2018-yilda Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi.
Bugungi kunda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari asosan Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaman, AQSh, Yevropa va Osiyo davlatlarida qurilish, transport xizmatlari, kommunal xizmat, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat, qishloq xo‘jaligi, uy xo‘jaligi, tibbiyot kabi sohalarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya, Polsha, Turkiya, Latviya, BAA, Bolgariya, Qozog‘iston, Quvayt davlatlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan tartibda mehnat faoliyati bilan ta'minlash bilan shug‘ullanuvchi 60 ish beruvchi va rekruting agentligi bilan aniq kelishuvlar mavjud. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan Rossiya, Turkiya, Bolgariya, Latviya, Litva, BAA, Polsha, Yaponiya, Belarus, Estoniya, Xorvatiya, Qozog‘iston, Ukraina, Chexiya, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Gretsiya, Germaniya, Qatar, O‘mon, AQShdagi 170 dan ortiq ish beruvchi bilan ishga joylashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarning tashqi mehnat bozoridagi ehtiyojlarini doimiy o‘rganib bormoqda.
Mehnat yarmarkasida Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Turkiya, BAA, Hindiston, Ukraina, Bolgariya, Litva, Latviya, Yaponiya va Vengriya kabi davlatlardan 70 dan ortiq ish beruvchining qurilish, uy xo‘jaligi, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari, mebel ishlab chiqarish, baliqchilik, parrandachilik, mehmonxona biznesi, tibbiyot hamda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishning boshqa yo‘nalishlaridagi 10 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni taqdim etildi. Shundan xorijda ishlash istagida bo‘lgan ming nafardan ortiq fuqaro bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
– Bunday yarmarkalarning o‘tkazilishi, ayniqsa biz, yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi talaba Bahodir Masharipov. – Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etilgani esa bu boradagi har qanday muammoning oldini olishga xizmat qiladi.
Shu kunning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida davlat organlari va boshqa tashkilotlar mas'ul xodimlari ishtirokida seminar-trening tashkil etilib, tartibli va xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasi sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida ma'lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri K.Rashidov, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari uchun “Xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi va uning afzalliklari” mavzusida ochiq dars o‘tkazdi.
Ellikqal'a qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida tashkil etilgan xorijga ishga ketayotgan fuqarolarni kasbga yo‘naltirish markazi faoliyati bilan tanishildi.