O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligining bir yilligiga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi
2020-02-11 | Jamiyat
2020-yil 10-fevral kuni Toshent davlat yuridik universitetida “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligining bir yilligiga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik va idoralar hamda ilmiy-akademik doiralar vakillari ishtirok etgan tadbir Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi va TDYuU bilan birgalikda tashkil etildi.
“Davra suhbati” ishtirokchilari qonun normalarining amalda bajarilishining hozirgi holatini tahlil qildilar, huquqni qo‘llash amaliyotidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdilar va umuman ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadilar.
Qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi muhim normativ-huquqiy hujjat sifatida o‘z vaqtida qabul qilinganligini qonunni qo‘llash amaliyoti ko‘rsatayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Xalqaro shartnoma loyihalarini idoralararo ishlab chiqish jarayonidagi talablar kuchaytirilishi va ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish mexanizmining joriy etilishi esa hujjatlar sifatini oshirishga hamda faqatgina amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan bitimlar tuzilishini ta’minlashga xizmat qilayotganligi alohida e’tirof etildi. Buning natijasida 2019-yilda imzolangan bitimlar soni 2018-yildagiga qaraganda 40% dan ortiqqa kamayganligi ham eslatib o‘tildi.
Shu bilan birga, yig‘ilish qatnashchilari axborot tehnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklarining sa’y-harakatlarni birlashtirish orqali xalqaro shartnomalarni yagona tarzda hisobga olish, inventarizatsiya qilish va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish borasidagi ishlar yakuniga yetkazilishi lozimligini qayd etdilar.
Tadbirda xalqaro shartnomalarni tayyorlash va ularni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha Uslubiy ko‘rsatmalar loyihasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan “davra suhbati”ning yakuni bo‘yicha tomonlar qonunning ayrim qoidalarini amalga oshirishni takomillashtirish hamda vazirlik va idoralarning shartnomaviy-huquqiy faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqdilar.