O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi: suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha samarali hamkorlik
2020-02-10 | Jamiyat
2020-yil 7-fevral kuni poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent city” mehmonxonasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekiston Respublikasining qishloq joylarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining 1-komponenti yakunlanayotganligi munosabati bilan konferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Dasturning 1-komponenti Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, Suv xo‘jaligi vazirligi loyihaning milliy hamkori hisoblanadi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ro‘ziboyev, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Gyunter Overfeld, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining Markaziy Osiyodagi klasteri koordinatori Torsten Bretsina va boshqalar so‘zga chiqib, 1-komponent doirasida bajarilgan ishlar, tajriba uchastkalarida joriy etilgan muvaffaqiyatli loyihalar, shuningdek, huquqiy, institutsional, tashkiliy va moliyaviy mexanizmlar hamda ularni xalqaro standartlarga moslashtirish orqali suv resurslarini boshqarish bo‘yicha milliy strategiyani yanada rivojlantirish haqida mulohazalarini bildirishdi.
Aytish kerakki, dasturning Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirgan 1-komponenti doirasida pilot loyihalar uchun tanlangan Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining tajriba maydonlariga 70 mingdan ziyod mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Barcha tajriba maydonlariga zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyasi va kichik meteostantsiyalar o‘rnatildi.
2018-2019-yillarda ushbu tajriba uchastkalari joylashgan irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining har biriga Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan bittadan ekskavator, samosval, mini-traktor, dizelli elektr generatori va nasoslar taqdim etildi.
2019-yilning oktyabr oyida 6 dona 20 tonnalik yuk tashish mashinasi, 6 dona mobil beton qorish uskunasi va 6 dona kran manipulyatorlar topshirildi. Bundan tashqari, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi “Botiometrik markaz” davlat unitar korxonasiga nasos stantsiyalari va transformatorlar uchun o‘lchov uskunalari komplekti hamda “Davsuvxo‘jaliknazorat” davlat inspektsiyasiga yirik to‘g‘onlarda geologik tadqiqotlar olib borish uchun bir qator maxsus uskunalar va georadarlar taqdim etildi.
Konferentsiya yakunida 1-komponent doirasidagi vazifalar muvaffaqiyatli bajarilganligi ta’kidlandi, kelgusida suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish haqida fikrlar bildirildi.