O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“TECHDAY” — Xalqaro robototexnika kuniga bagʻishlangan tadbir
2020-02-10 | Innovatsiya
Joriy yilning 7-fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida “TECHDAY” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirni ochib berar ekan, innovatsion rivojlanish vazir oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev mazkur sananing tarixiga nazar soldi.
– Aynan 7-fevral sanasida fantast yozuvchi, olim Ayzek Azimov robototexnikaning uch ustunini ifodaladi. Robot insonga zarar yetkazmasligi yoki harakatsizligi tufayli insonga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak. Robot inson tomonidan berilgan barcha buyruqlarga boʻysunishi kerak, birinchi qonunga zid boʻlgan buyruqlar bundan mustasno. Robot oʻzining xavfsizligiga birinchi va ikkinchi qonunlarga zid kelmaydigan darajada gʻamxoʻrlik qilishi kerak, – dedi O.Toʻychiyev.
Bugungi kunda robotlar kundalik hayotda ham, barcha sohalarda ham odamlarga yordam beradi. O.Toʻychiyev oʻz navbatida oʻz startaplarini rivojlantirishga yoshlarni qiziqtirish, startaplar orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish, ilmiy ishlarni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni sifatli ishlab chiqishda faol ishtirok etishni soʻrab qoldi.
Startaplar mamlakatdagi ichki ilmiy salohiyatni qoʻllab-quvvatlashda katta ahamiyatga ega. Ular kichik biznes va yuqori texnologiyalar bozorini rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi.
Tadbirda, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar Akademiyasi haqida soʻz yuritildi. Mazkur Yoshlar akademiyasiga qoʻyilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida mazkur tadbirda yetuk mutaxassislar, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish va xususiy sektor vakillari taklif etildi. Xususan, seminarda Turin politexnika universiteti rektori Oʻktam Salomov va prorektori Jamshid Inoyatxoʻjayev, NAPA EDU HUB IT akademiya asoschisi Umid Abdusattorov, COCA COLA Bottlers Uzbekistan Texnik menejer oʻrinbosari Sunatillo Islomov, BMT TD Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha loyiha rahbari Usmon Rahimjonov, ʼʼOʻzavtosanoatʼʼ AJ boshqaruvi raisining axborot texnologiyalar boʻyicha maslahatchisi Sanjarbek Nosirbekov, “Mangano Robotiks” kompaniyasi ilmiy xodimi Jasur Xolxoʻjayev soʻzga chiqdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – belgilab berilgan topshiriqlarni bajarishga qaratilgan yosh tadbirkorlarning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, ularga gʻoyalar generatori hamda aksselerator tizimi haqida tushuncha berish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.