O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi marotaba Xalqaro musiqa yarmarkasi o‘tkaziladi
2020-02-10 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llangan murojaatnomada belgilangan, ilm-ma’rifat va madaniyatni rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash kabi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 7-fevral kuni “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov YuNESKO qoshidagi Xalqaro xalq ijodiyoti tashkilotining Osiyo bo‘yicha bosh sekretari Moon Hyung Suk bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli xalqaro festival va tanlovlarda yurtimiz ijodkorlarining ishtirokini izchil ta’minlash hamda ularning sara asarlarini namoyish etish, milliy ijodiy mahsulotlarimizni kengroq targ‘ib qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov hamda janob Moon Hyung Suk bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi tomonidan joriy yilning 4-6-iyun kunlari Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi marotaba Xalqaro musiqa yarmarkasini o‘tkazish rejalashtirildi.
Toshkentda o‘tkaziladigan mazkur Xalqaro musiqa yarmarkasiga dunyoning eng yaxshi musiqiy prodyuserlari va boshqa mutaxassislarni taklif etish, xalqimizning musiqiy merosi namunalari, san’atimizning nodir durdonalarini namoyish etish kabi bir qator masalalar yuzasidan ham uchrashuvda fikr yuritildi.