O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi
2020-02-07 | Ta’lim
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov boshchiligida Davlat xavfsizligi xizmati bilan hamkorlikda oliy ta’lim sohasida korruptsiyaga qarshi kurashish va sohada shaffoflikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda, sohada aniqlangan korruptsion harakatlar haqida ma’lumot berilib, bu kabi harakatlarning oldini olishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.
Xususan, davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga qaraganda, 2019-yilning o‘zida oliy ta’lim tizimida 326 ta noqonuniy harakatlar aniqlangan bo‘lib, ularning 317 tasi aynan korruptsiya bilan bog‘liq va ularning aksariyati talabalarni o‘qishga qabul qilish jarayonida amalga oshirilgan.
Bu kabi noqonuniy harakatlar oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari soni va ularga berilgan diplomlar miqdoridagi nomutanosiblikda ham aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan bugungi kunda 420 ta ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tadbir davomida, oliy ta’lim tizimidagi korruptsion holatlar talabalarni o‘qishga qabul qilish, o‘qishni ko‘chirish, bakalavr va magistrlik diplomlari va ilmiy daraja berish va OTMlarga ishga qabul qilishda kuzatilayotgani aytildi.
Yig‘ilish yakunida oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tizimda korruptsion holatlarga toqat qilish mumkin emasligi va bu kabi noqonuniy harakatlarga aralashayotgan har qanday xodim tizimdan qat’iy ravishda chetlashtirilishini ta’kidladi.